Safar davomida ishchi guruh aʼzolari Andijon viloyatining chekka tumanlarida ham boʻlib, yoshlar bilan uchrashmoqda. Mehmonlar joylarda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida yosh avlodga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish asnosida ularni qiynayotgan muammolarni ham oʻrganmoqda, ertamiz egalarining orzu-umidlari va maqsadlari bilan qiziqmoqda.

Jumladan, Respublika ishchi guruhi aʼzolari ishtirokida viloyatning Andijon, Izboskan, Paxtaobod, Baliqchi va Shahrixon tumanlaridagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari, shuningdek, Oltinkoʻl tumanidagi 2-sonli umumtaʼlim maktabi majlislar zalida mahalliy yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvlarda andijonlik yoshlar oʻzlarini qiynayotgan muammo va savollar bilan Respublika ishchi guruhi aʼzolariga murojaat qilishdi. Chunonchi, baʼzi yoshlar oʻz hududida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun yetarlicha sharoitlar yoʻqligi yoki sport majmualarida jihozlarning yetishmasligi borasidagi muammolarni oʻrtaga tashlashdi. Ushbu savollarga Jismoniy tarbiya va sport vazirining oʻrinbosari A.Karimovga atroflicha javob berdi va mavjud muammolarni bartaraf etish choralari koʻrildi.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari safar davomida viloyatning Baliqchi, Shahrixon, Boʻston, Ulugʻnor, Xonabod tuman va shaharlaridagi bolalar-oʻsmirlar sport maktablarini hamda Andijon olimpiya zaxiralari kollejini ham borib koʻrdi. Taʼkidlash kerak, joylarda ahvol yaxshi emas. Ayrim BOʻSMlarda rahbarlarning eʼtiborsizligi natijasida oddiy taʼmirlash ishlari ham amalga oshirilmagan. Kiyinish xonalari taʼmirtalab, sport jihozlari deyarli yaroqsiz ahvolda, trenerlar esa oʻz ustida ishlamaydi...

Mazkur holatlar yuzasidan masʼul rahbarlar bilan tushuntirish ishlari olib borildi hamda vaziyatni ijobiy tomonga oʻnglash vazifasi qoʻyildi. Qolaversa, oʻz xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan xodimlarga hayfsan berilib, ayrim rahbarlar vazifasidan ozod etildi.
Zero yoshlarimiz har jihatdan yaxshi sharoitlarda shugʻullanishga haqli va ularni porloq kelajak kutmoqda.