Unda respublika hamda viloyat hududida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va hamkor tashkilotlarning axborot xizmatlari organlari ishtirok etdilar.
Matbuot anjumanida soʻnggi yillarda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi isloh qilinib, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha boshqarma tomonidan 2021-yilning 4 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
- 2021-yilning 4 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga viloyatdagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 240 mingga yaqin xizmat koʻrsatilgan boʻlib, ularning 182 416 tasi boʻyicha shaxsan, 10286 tasi esa internet orqali qabul qilingan, - deydi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Abdurahmon Alimov. - Eng koʻp murojaatlar bolalarni maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish, Jismoniy shaxslar uchun soliq toʻlovchining identifikatsion raqamini olish va aniqlash, ruhiy kasallik hisobida turish yoki turmaslik hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida maʼlumot olish boʻyicha kelib tushgan. 4 oy davomida 5 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, shundan 6 tasi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi.
Qayd etish lozim, oʻtgan davr mobaynida boshqarmaning Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishi ustidan nazorat qilish boʻlimi tomonidan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar masʼullari tomonidan 5653 ta qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyganligi aniqlangan. Ularning 5291 tasi muddatni buzish, 215 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat koʻrsatish, 9 tasi asossiz rad qilish va 138 tasi boshqa tusdagi qonun buzilishlarni tashkil qilgan.
-Aniqlangan holatlar yuzasidan 113 ta yozma ogohlantirish va 8 ta taqdimnoma kiritilgan,- deydi boshqarma boʻlim boshligʻi Sultonbek Isoqov. - Davlat xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarining 83 nafar mansabdor va masʼul xodimlariga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jazoga tortilgan. Yana 19 nafar xodimga nisbatan esa intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilgan.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi noqonuniy harakatlar boʻyicha birinchi uchlikdan 1827 ta holat bilan sogʻliqni saqlash muassasalari, 1320 ta holat bilan «Oʻzbekenergo» AJ tizimi korxonalari, 1208 ta holatda suv taʼminoti, kanalizatsiya tashkilotlari hamda 618 ta qonun buzish bilan Kadastr agentligi tizimi idoralari joy olgan.
Umidjon MAMARASULOV,
DXA Andijon viloyati boshqarmasi
axborot xizmati xodimi