Bugun mamlakatimizda iqtisodiy o'sish ko'rsatkichlarining asosiy qismi ishlab chiqarish va tadbirkorlik rivoji ulushiga to'g'ri kelmoqda. So'nggi yillarda ana shu ikki yo'nalishni birlashtirish asosida barcha hududlarda tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar tarkibida zamonaviy korxonalarni ishga tushirish tajribasi kutilgan natijalarni bermoqda.
Toshkent viloyatida 2012 yilning aprel oyida tamal toshi qo'yilgan “Angren” erkin iqtisodiy zonasi ham ana shunday yirik sanoat tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Jami 4 125 gektar maydondan iborat iqtisodiy zona Ohangaron va Angren shaharlari, Ohangaron tumanidagi A-373 magistral yo'li shimoliy qismida joylashgan hamda Bekobod shahrining 15 gektar hududlarini o'z ichiga oladi. Bir vaqtlar tashlandiq, foydalanilmay yotgan bu joylarda bugun eng zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari qad rostlagan. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlar “Angren” EIZdagi bir qancha yirik korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Hozirgi kunda zonada umumiy qiymati 1 milliard 452 million dollarga teng jami 117 ta loyiha joylashtirilgan bo'lib, 60 ta korxona negizida 70 ta loyiha ishga tushirildi. Bu orqali 8160 dan ortiq kishi doimiy ish va daromad manbaiga ega bo'ldi. Joriy yilning yanvar-oktyabr oyi davomida mazkur korxonalarda 3 trillion 279 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 62,1 million dollarlik mahsulotni eksport qilishga erishildi.
— Sanoat zonasida loyihalarni 2013 yildan joylashtirish boshlangan bo'lsa, o'shanda 4 ta korxona ishga tushirilgan edi, — dedi “Angren” EIZ direktori Mutallibjon Xojimurodov. — Ilk davr, ya'ni 2013—2016 yillar mobaynida 16 ta loyiha amalga oshirildi. Keyinroq 2016 yil 26 oktyabrdagi “erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident farmoni bilan investorlar uchun keng ko'lamli soliq va bojxona imtiyozlarining berilishi xorijlik tadbirkorlarning qiziqishini yanada oshirdi. Natijada 2017—2020 yilda iqtisodiy zonaga 101 ta loyihani joylashtirishga erishildi. Loyihalarni amalga oshirish uchun 783,9 million dollarlik investitsiyalar, jumladan, 294,4 million dollar miqdorida to'g'ridan to'g'ri xorijiy investitsiyalar o'zlashtirildi.
Tadbirkor tegishli hujjatlarni taqdim etib, loyihasi mavjud talablarga javob bergach, “Angren” EIZdan unga er ajratiladi. Shu kundan boshlab, u sanoat zonasining bir qismiga aylanadi va boshqalar qatori imtiyozlarga ega bo'ladi. Xususan, u ishga tushiradigan korxonaga elektr tarmoqlari, ichimlik suv va kanalizatsiya, yuqori bosimli gaz quvuri hamda avtomobil yo'llarini olib borishni iqtisodiy zona o'z zimmasiga oladi. Ishlab chiqaruvchiga bir qator soliq imtiyozlari ham beriladi. Korxona texnologik uskuna va ehtiyot qismlari olib kirganda bojxona to'lovlaridan ozod qilinadi. Soliq imtiyozlari investitsiya qiymatiga qarab 3 yildan 10 yilgacha, bojxona imtiyozlari erkin iqtisodiy zona faoliyati yakunigacha amal qiladi. “Angren” EIZ ana shunday imkoniyatlari bilan ko'plab investorlarni jalb qilmoqda. Bunga ayniqsa, xitoylik investorlarning qiziqishi yuqori. Xususan, ushbu mamlakatdan kirib kelgan 342 million dollarlik to'g'ridan to'g'ri investitsiya asosida zonada 28 ta loyiha joylashtirilgan.
“Angren” EIZda mashxur xitoy brendi
Press-tur ishtirokchilarining ilk manzili Xitoynning Sinszyan Xalqaro savdo jamiyati investitsiya mablag'lari hisobidan ishga tushirilgan “Limax Gold Textile” MCHJ korxonasi bo'ldi. Bu yerda jahonga mashhur “Limax” brendi ostida yiliga 10,8 million juft paypoq, 337 ming tonna spandeks ip, 500 tonna poliestir ip, 60 tonna neylon ip hamda 80 tonna rezina ip mahsulotlari ishlab chiqariladi. 2017 yilda ish faoliyatini yo'lga qo'ygan korxona joriy yilda 30,9 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarib, Qozog'iston, Rossiya, Qirg'iziston davlatlariga 1,7 million dollarlik mahsulot eksport qilishga erishdi.
Yuqori quvvatda ishlayotgan zamonaviy uskunalarni boshqarib turgan ishchilarning aytishicha, har bir stanok 1 soatda 100 juft paypoq ishlab chiqaradi. Korxonaga 230 ta stanok o'rnatilgan bo'lib, 269 ta doimiy ish o'rni yaratilgan. “Limax Gold Textile” MCHJ direktor o'rinbosari Wei Ai Guo kelgusi rejalar bilan o'rtoqlashar ekan, yaqin yillarda mahsulot ishlab chiqarish hajmi hamda mahalliylashtirish ko'rsatkichlarini yanada oshirish niyatida ekanini bildirdi.
Mahalliylashtirish ko'rsatkichi ortmoqda
Sanoat zonasidagi yana bir yirik korxona “Quality devices” MCHJda “Artel” va “Shivaki” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli televizor, monitor va mikroto'lqinli pech mahsulotlari nafaqat mahalliy bozorlarimiz, balki bir qancha xorij davlatlariga katta miqdorda etkazib berilmoqda. 2019 yilda ishga tushgan loyihaning umumiy qiymati 12,084 million dollar. Shundan 1,02 million dollari Turkiyaning “Ilr sabah insaat anonym sirketi” tomonidan to'g'ridan to'g'ri investitsiya tarzida kiritilgan.
4,8 gektar maydonni egallagan korxona hududi bir nechta ishlab chiqarish tsexi hamda omborxonalarni o'z ichiga oladi. Bu yerda mahalliylashtirish ko'rsatkichi 65 foiz bo'lib, televizor panellari, texnik bazasi, tashqi va ichki ramkalar hamda metall mahsulotlari kabi asosiy uskunalar korxonaning o'zida ishlab chiqariladi. 2021 yilning may-iyun oylari televizorning led chiroqlarini ham mahalliylashtirish ko'zda tutilgan.
Ishlab chiqarish sexlarida aosiy vazifani “aqlli” texnologiyalar yordamida zamonaviy uskunalar bajarsada, ularni boshqarib turish talab etiladi. Diqqatni jamlagan holda barcha jarayonlarni nazorat qilish oson emas. Ammo korxonada mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar buni a'lo darajada uddalamoqda. Bu yerdagi 550 nafar ishchining aksariyati maxsus bilimlarga ega, o'rta maxsus ta'limni tamomlagan yosh yigit-qizlar ekani, bejiz emas.
Bugungi kunda “Quality devices” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga xorijda ham talab ortib bormoqda. Shu bois, joriy yilda ishlab chiqarilgan 667,6 milliard so'mlik mahsulotdan 4,8 million dollarlik qismi Ozarbayjon, Qozog'iston, Tojikiston, Afg'oniston davlartlariga eksport qilindi. Kelgusida korxona eksport geografiyasini yanada kengaytirish niyatida.
Markaziy Osiyoda yetakchi korxona
Rossiyaning issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqaruvchi “Penopleks” korxonasining O'zbekistondagi filiali ham “Angren” EIZda ishga tushirilgan. 2019 yilda faoliyatini boshlagan yirik korxonaga 3,742 million dollarlik to'g'ridan to'g'ri xorijiy investitsiya kiritilgan bo'lib, bu yerda yiliga 100 000,0 metr kub ko'pirtirilgan penopolistirildan tayyorlangan issiqlik izolyatsiya plitalar ishlab chiqariladi.
Kompaniyaning O'zbekistondan tashqari, Rossiya Federatsiyasida 8 ta, Qozog'istonda 1 ta issiqlik izolyatsiya materiallari ishlab chiqaradigan zavodi ochilgan bo'lib, o'z oldiga yurtimiz uchun yangi bo'lgan yuqori sifatli issiqlik izolyatsiyasi materiallarini etkazib berishni maqsad qilgan. Zavodda Yevropada tayyorlangan 500 kg/soat quvvatga ega ishlab chiqarish liniyasi o'rnatilgan. U O'zbekiston qurilish bozori, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi izolyatsion materiallariga bo'lgan talabni qondirish imkonini beradi.
Ayni paytda korxonada 111 kishining doimiy bandligi ta'minlangan bo'lib, ularning sifatli ishlashi uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Zavodlardagi ishlab chiqarish hajmi ham yildan yilga ortib bormoqda. Joriy yilda qiymati 34,2 milliard so'mlik 55 ming metr kub issiqlik izolyatsiya materiallari ishlab chiqarilib, shundan 233,4 million dollarlik mahsulot chet davlatlarga eksport qilindi.
Keramika sohasiga ixtisoslashayotgan Angren
Qizg'in ruhda o'tgan press-tur davomida jurnalistlar keramik plitkalar ishlab chiqaradigan “Lyux Granit” hamda glazurlangan keramik plitkalar tayyorlanadigan “National Ceramix” korxonalarida ham bo'lib, O'zbekiston bozoriga chiqarilayotgan shu turdagi mahsulotlarning eng sifatli va rang-barang xillari bilan tanishdi.
Mahalliy investor Olimjon Nabiqulov tomonidan tashkil etilgan “Lyux Granit” MCHJ keromagranit ishlab chiqarish bo'yicha O'zbekistonda ikkinchi, ishlab chiqarish quvvatiga ko'ra eng kattasi hisoblanadi. Korxonada o'rnatilgan uskunalar Italiyaning mashhur “Siti B&T Group” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan bo'lib, jarayonda asosan mahalliy xomashyodan foydalaniladi.
“National Ceramix” MCHJ qo'shma korxonasi ham keramik plitalar ishlab chiqarayotgan Markaziy Osiyodagi yetakchi kompaniyalardan biriga aylangan. Bugungi kunda mazkur korxonada bozor talabiga mos tarzda turli hajm, xilma-xil rangda pol va devorga mo'ljallangan keramik plitalar hamda keromagranit ishlab chiqarilmoqda. Joriy yilda 63,1 milliard so'mlik mahsulot tayyorlanib, shundan 2,1 million dollarlik mahsulot xorijga eksport qilindi.
Ana shunday yirik investitsion loyihalarni amalga oshirayotgan “Angren” EIZda kelgusi rejalar ham bisyor. Hozirgi kunda bu yerda umumiy qiymati 97,1 million dollarlik yana 7 ta loyihani joylashtirish masalasi ko'rib chiqilmoqda. Bular qatorida O'zbekiston bozorida talab yuqori bo'lgan oyna, skotch, noto'qima mahsulotlar, sanoat sovutgichlarni ishlab chiqarish rejalari bor. Ularni amalga oshirish uchun 97 million dollarlik investiya mablag'larini jalb etish ko'zda tutilgan. Loyihalar tasdiqlangan taqdirda qo'shimcha 50 gektar yer maydonlari band qilinib, 820 ta yangi ish joylari yaratiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri