Aniq, manzilli va tizimli ishlar ijtimoiy himoyada natijadorlikni taʼminlayapti

    Fikr 18 Dekabr 2025 160

    Bugun jamiyatimizda har bir inson taqdiriga alohida yondashilyapti.

    Bu hech bir fuqaro davlat eʼtibori, gʻamxoʻrligidan chetda qolmayotgani, yolgʻiz keksalar, yetim bolalar, nogironlar, umuman, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj barcha qatlami moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanayotganida yaqqol koʻrinib turibdi.

    Ijtimoiy himoya jamiyatda barqarorlik va adolatni taʼminlashning muhim asosi. Uning mutlaqo yangi tizimi yaratilgani, ijtimoiy yordamlarning aniq, maqsadli va manzilli boʻlayotgani odamlarning bu boradagi islohotlarga ishonchi, umidini orttirdi. Ota-ona mehriga muhtoj, nogiron va yetim bolalar bilan ishlashda yangi tizim joriy etildi.

    Har qanday tizim oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi, albatta. Jumladan, ijtimoiy himoyaning yangi tizimi ustida ham uzoq ishlandi, atroflicha oʻrganishlar qilindi. Davlatimiz rahbarining taklif va tashabbuslari bunda birlamchi ahamiyat kasb etdi. Chunonchi, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimotida, videoselektor yigʻilishlarida Prezidentimiz tizimni tubdan isloh qilish, ijtimoiy yordamning manzilli va natijadorligini taʼminlash zarurligini qayta-qayta taʼkidlaydi. Shu yilning 19-noyabr kuni kambagʻallikni qisqartirish hamda aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish alohida yoʻnalish sifatida belgilandi.

    Bunday gʻamxoʻrlik hech bir davrda boʻlmagan. Yaqin-yaqingacha ham odamlar ijtimoiy himoya deyilganda arzimagan nafaqa pulini tushunardi. Aslida, bu har bir oila va inson taqdiriga alohida yondashishda koʻrinadi. Shu maʼnoda, ijtimoiy himoyaning yangi tizimi mahalla darajasiga tushirilgani ezgu ishlardan boʻldi. Uyma-uy yurish, oilalarning ijtimoiy portretini chizish tajribasi, albatta, samara bermay qoʻymaydi. Eng muhimi, kimga ijtimoiy yordam koʻrsatilishi kerak, degan savollarga tizimli javob berilyapti.

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham mamlakatimiz ijtimoiy sohasini rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, bir soʻz bilan aytganda, professional ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan aniq maqsad va vazifalar belgilab berilgan. Ana shu maqsad va vazifalardan kelib chiqib, sohadagi bir yillik siljishlarni kuzatdik.

    Har bir inson jamiyatda oʻz oʻrnini his etyapti

    Ikki farzandi bilan beva qolgan bir tanishimga qarindoshlar, qoʻni-qoʻshnilar ancha paytgacha yordam berib turdi. Biroq hammaning oʻz tashvishi boʻlganidek, asta-sekin yordamlar kamaydi. Hozir juvon oʻzining holidan doimiy xabar oladigan beminnat yordamchi — “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga suyanib kun koʻryapti. Endi avvalgidek yaqinlarining qoʻliga xijolatli qarab turmaydi. Oziq-ovqat, kiyim-kechakdan qiynalmayapti, boshqa ehtiyojlar uchun yordam puli ham tayin. Oyoqqa turib olgunicha koʻmak kerak edi unga.

    Yuqorida aytganimizdek, ijtimoiy himoyaning mahallaga tushirilgani islohotlar xalqning ichiga kirishiga xizmat qilyapti. Har bir inson jamiyatda oʻz oʻrni borligini his qila boshladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yordamga muhtojlarni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashda asosiy tayanch nuqtaga aylandi. Moddiy, maʼnaviy qiyinchiliklarga duch kelganlar bu yerdan najot topishi mumkinligiga ishonyapti. Zero, ular yon-atrofidagilarning muammolari insoniylik bilan hal etilayotganini koʻrib, xulosa qilyapti.

    Har bir viloyat va tuman markazida “Inson” markazlari tashkil etilib, zamonaviy infratuzilma, texnik baza va malakali mutaxassislar bilan taʼminlandi. 208 ta tuman (shahar)dagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan xizmat va yordam koʻrsatish yuzasidan yuborilgan 8 milliondan ortiq ariza koʻrib chiqildi.

    Kambagʻal oilalarni aniqlash maqsadida 1,5 million oila soʻrovnomadan oʻtkazilib, 739 ming oila muammolari asosida “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilib, “Kambagʻal oilalar” reestriga kiritildi. Qariyb 2 millionga yaqin ijtimoiy xizmat koʻrsatilishi natijasida 400 mingdan ziyod oila kambagʻallikdan chiqarildi.

    156 ming bola maktabgacha taʼlimga imtiyozli qabul qilingani esa tizimda qamrov darajasini oshirishga xizmat qildi. 2,1 ming yosh grant asosida oliy taʼlimga oʻqishga kirgani holda oʻzlashtirishi yuqori boʻlgan 308 talabaga ham oliygoh granti taqdim etildi. 4,1 ming talabaga kontrakt toʻlovi toʻlab berilgani, “qizil” toifadagi oilalarning “aʼlo” baholarga oʻqiyotgan 68 talaba qiziga maxsus stipendiya tayinlangani eng xayrli ishlardan boʻldi.

    “Qoʻldan berganga qush toʻymas”, deydi xalqimiz. Shundan kelib chiqib, kambagʻal oilalarni doimiy daromad bilan taʼminlash uchun 2,6 ming oilaga quyosh paneli, 500 ta oilaga doʻkon qurib berildi. “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida oʻgʻil-qizlarni parvarishlashga muhtoj 35,5 ming kishi yangi turdagi ijtimoiy va tibbiy xizmatlar bilan qamrab olindi. 141 ming shaxs sanatoriylarda sogʻlomlashtirildi. 2,7 million fuqaro bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

    Ota-onasiz bolalarning boshini silash ham xalqimizning azaliy qadriyati. Oʻtib borayotgan yilda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, uy-joyga muhtoj 1962 bola uy-joy bilan taʼminlangani bu qadriyatning amaliy ifodasi boʻldi. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan yordam koʻrsatilgan muhtoj shaxslar toifasi kengaytirilganini raqamlardan ham bilish mumkin. Zero, 2024-yilda 74,1 ming shaxsga 101 milliard soʻm, 2025-yilda esa 56,6 ming kishiga 100 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Shu oʻrinda yaqindagina Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida yana bir muhim yangilik joriy etilganini aytib oʻtish oʻrinli. 16-dekabrdan “Kambagʻal oilalar reestri”ga kiritilgan oilalarga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari orqali ajratilayotgan yordamlar “Uzum market” elektron savdo maydonchasi orqali ham koʻrsatila boshlandi. Unga koʻra, fuqarolar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan shakllantirilgan vaucherlar (promokodlar) orqali mobil ilovadan foydalangan holda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa eng zarur mahsulotlarni xarid qilishi mumkin.

    Ijtimoiy sugʻurtadan qanday manfaatdorlik bor?

    — Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasiga oid qonunchilik hujjatlari izchil takomillashib borayotgani shu yil 9-dekabr kuni davlatimiz rahbari imzolagan “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi qonunda yana bir bor oʻz isbotini topdi. Qonun fuqarolarni ishsizlik va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holatlarida ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallik xavfini kamaytirish hamda tadbirkorlar uchun nafaqa toʻlovlari boʻyicha ortiqcha yuklamani yengillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

    Uning asosida Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan toʻlab beriladigan nafaqa turlari hamda ularning kuchga kirish muddatlari belgilandi. Yangi tizim orqali byudjet tashkilotlarida ishlovchi 2,2 millionga yaqin, xususiy sektorda band boʻlgan 3,6 milliondan koʻproq, yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi, oʻzini oʻzi band qilgan hamda norasmiy sektorda ishlayotgan 7 milliondan ortiq fuqaroning ijtimoiy kafolatlari taʼminlanadigan boʻldi.

    — Xalqaro tajriba va rivojlangan davlatlar amaliyoti koʻrsatadiki, aholining ijtimoiy sugʻurtaga jalb etilishi koʻplab mamlakatlarda qonun darajasida mustahkamlangan. Oʻzbekistonda ham ushbu sohada huquqiy asoslarni kuchaytirish orqali bir necha muhim vazifalar belgilangan. Jumladan, fuqarolar ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolishining oldini olish, kambagʻallik xavfini kamaytirish, ijtimoiy sugʻurta bilan qamrovni kengaytirish va rasmiy bandlikni ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi yuridik boʻlimi bosh mutaxassisi Farhod Xudoyorov. — Ijtimoiy sugʻurta tizimini xalqaro standartlarga mos ravishda bosqichma-bosqich takomillashtirish maqsad qilingan. Qonunga koʻra, uch turdagi — homiladorlik va tugʻish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda ishdan boʻshash nafaqalari endilikda davlat ijtimoiy sugʻurtasi orqali toʻlanadi. Bu jarayon Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida tashkil etilgan Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi. Demak, mehnat shaklidan qatʼi nazar, barcha ish beruvchilarda faoliyat yuritayotgan xodimlar ushbu nafaqalardan teng asosda foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Avval ayrim nafaqalar ham ish beruvchilar tomonidan toʻlab kelingan boʻlsa, endilikda ular faqat Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali toʻlanadi. Bu tizimning shaffofligini, adolatliligini oshiradi va yagona tartibda ishlashini taʼminlaydi.

    Qonunga muvofiq, fuqarolar davlat ijtimoiy sugʻurtasi bilan ikki yoʻl orqali qamrab olinadi: majburiy va ixtiyoriy. Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlar, jismoniy yoki yuridik shaxslarga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida xizmat koʻrsatadigan yoki ish bajaradigan shaxslar majburiy sugʻurtaga jalb etiladi. Ixtiyoriy sugʻurta bilan esa oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan fuqarolar, chet elda yollanib ishlayotgan shaxslar, dehqon xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanuvchilar, ularning aʼzolari, tomorqa xoʻjaligida ishlovchilar, “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari va boshqa toifadagi fuqarolar qamrab olinadi.

    Majburiy sugʻurta boʻyicha xodimlar daromad soligʻining muayyan qismi sugʻurta badali sifatida jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi. Ushbu badalning aniq miqdori qonun bilan belgilanadi. Ixtiyoriy sugʻurtaga qoʻshilgan fuqarolar esa har oy minimal sugʻurta badalini toʻlaydi. Minimal badal miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 5 foizi etib belgilangan.

    Qonunning yana bir muhim maqsadi xususiy sektorda ishlovchilarga toʻlanadigan nafaqalar boʻyicha tadbirkorlar zimmasidagi ortiqcha moliyaviy yukni kamaytirishdir. Oldin homiladorlik va tugʻuruq nafaqasi, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yoki boshqa toʻlovlar ayrim hollarda ish beruvchilar tomonidan qoplab kelinar edi. Endilikda ular toʻliq Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tomonidan toʻlanadi. Bu esa tadbirkorlarga bir qator yengilliklar yaratadi. Jumladan, ayollarni ishga qabul qilish boʻyicha xavotirlar kamayadi, homiladorlik va tugʻuruq davridagi toʻlovlar tadbirkorga yuk boʻlmaydi, ortiqcha xarajatlar kamaygani sababli mahsulot tannarxi pasayadi, raqobatbardosh va arzonroq mahsulotlar ishlab chiqarishga imkon yaratiladi.

    Umuman olganda, bu yondashuv tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻllab-quvvatlovchi mexanizm boʻlib xizmat qiladi va ularning iqtisodiy barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Iqtisodiy barqarorlik esa oʻz-oʻzidan xalqning farovonligiga daxldor.

    Davlat va jamiyat oʻrtasida ishonch koʻprigi

    Kenja farzandida autizm kasalligi aniqlangan ayol bolasining yura olmasligi, gapirmasligi sabab uydan chiqa olmay qoldi. Bolaga alohida parvarish zarurligidan hatto uy ishlariga ham ulgurib boʻlmaydi baʼzan. Madori qolmaganida shoʻrlik loaqal bir kun kimdir unga yordam berishini juda-juda xohlaydi. Mahalladagi ijtimoiy xodimning koʻmagi bilan bola kunduzgi parvarishlash markaziga yuborilgach, ayol qaddini tiklay boshlaydi. Markazda barcha sharoit muhayyo, koʻngli xotirjam. Bola yaxshigina oʻzgardi. Onasi bilan uyda yolgʻiz qolganida zerikib, injiqlik qilib, uni azoblashlari ortda qoldi. Endi akalari, boshqa bolalar bilan ham oʻynaydi. Har qanday muhitga koʻnikadi. Ona esa uy ishlaridan ortib, sexda tikuvchilik ham qiladi. Oila byudjetiga hissa qoʻshayotgani, asosiysi, farzandi jamiyatga moslashayotgani uchun ijtimoiy xodimdan mingdan ming rozi.

    Buning barchasi adolatli tizim asosida amalga oshayotganini ayolga tushuntirgan Nigora Boboqulova Olot tumanidagi Jayhunobod mahallasida yashovchi 3 mingdan ziyod ­oilaga xizmat qilyapti. Uning respublikamiz boʻylab barcha hamkasblari davlat va jamiyat oʻrtasida ishonch koʻprigi vazifasini bajarishi qatʼiy nazoratda. Odamlarning qiyin hayotiy sharoitlarini yengillashtirish, mushkul ahvolda qolganlarga koʻmak berish, avvalo, ijtimoiy xodimlarga bogʻliq. Zimmalarida mahallada turib muammoni koʻrish, tahlil qilish va har bir shaxs ehtiyojidan kelib chiqib yechim izlashdek masʼuliyatli vazifa bor. “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik-tanlovi esa fidoyilarni kashf etadi. Test sinovlaridan tashqari faoliyatidagi yaxshi keys taqdimoti, mahallada amalga oshirgan kichik ijtimoiy loyihalari ularga munosib baho beradi. Qolaversa, “Sall markaz” yordamida oilalar bilan bogʻlanib, keyslar samaradorligiga, ijtimoiy xodim faoliyatiga baho berilishi soʻraladi.

    Keys shaxs (oila)ning muayyan ijtimoiy muammosini hal etishga qaratilgan xizmatlarni tashkil etish jarayoni boʻlib, agar ­oilaning muammosi yengilroq boʻlsa, ijtimoiy xodimning oʻzi ularga zarur yordamni beradi. Ogʻir hayotiy vaziyat sifatida baholangan keyslar “e-case” elektron moduli yordamida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga yoʻnaltiriladi. Joriy yilda

    100 mingga yaqin keys ochilganidan ham bilish mumkinki, yangicha ishlash kutilgan natijani beryapti. Bu tizim, shuningdek, ijtimoiy xodim ishining rejaliligi, aniqligi va hisobdorlikka asoslanishini taʼminlashi bilan ham ahamiyatli.

    Xalqning dardiga darmonlik saodati

    Joriy yilning 1-dekabr holatiga koʻra, respublikamiz boʻyicha ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 715 ming 463 nafarni tashkil etgan boʻlsa, ularning 167 ming 838 tasi nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalar nafaqasi oluvchilar. Kuchli ijtimoiy himoya siyosati sabab bugun ularning aksariyati emin-erkin tarzda jamiyatga qoʻshilib boryapti. Ayni shu yosh toifasidagi bolalar orasidan inklyuziv taʼlim natijasida iqtidorli oʻquvchilar, mohir sportchilar, turli kasb-hunar egalari kashf etilyapti. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, xususan, nogiron bolalar va yoshlarni mehnat bozoriga samarali integratsiya qilish maqsadida tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda kasbga oʻrgatish va xorijiy tillarni oʻqitishga qaratilgan qator loyihalar ishga tushgan. Ayni paytda mamlakatimiz boʻylab maxsus maktablarda 550 oʻquvchini qamrab olgan 25 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

    Xorazm, Andijon, Namangan viloyatlarida kasb-hunar ustaxonalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada ushbu viloyatlarda 5 turdagi oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyildi.

    Tadbirkorlarga nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilgani uchun bir martalik subsidiya ajratilyapti. Koʻplab korxona va tashkilotlarda nogironligi boʻlgan shaxslar faoliyat yuritayotganini koʻrib xursand boʻlasan kishi. Bu jamiyatda hamma tengligi, inson qadri ulugʻligidan dalolat.

    Darvoqe, xalqimizga yanada yaqinlashish, odamlarning ogʻirini yengil qilish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligining “1070 yordam” tezkor boti ishga tushdi. Endi muhim ijtimoiy xizmatlar, murojaatlar va maʼlumotlar — barchasi bitta kichik ilovada jamlandi. Ilovaning “Xizmatlar” boʻlimida fuqaro Ijtimoiy himoya yagona reestri orqali arizasi holatini tekshirishi, nafaqalar turi va shartlari haqida maʼlumot olishi, nogironlik boʻyicha qayta koʻrib chiqish jarayonini kuzatishi, “Kambagʻallik reestri” orqali roʻyxatga kiritilganini bilishi mumkin. Mutasaddilarning aytishicha, tez orada sanatoriy yoʻnalishi ham ishga tushadi. Maqsad — ortiqcha ovoragarchiliklarga yoʻl qoʻymaslik, odamlarning qimmatli vaqtini tejash, insoniylikning zamonaviy shakllarini hayotga tatbiq etish. Zero, har bir shaxs bunga munosib.

    Ayni paytda eng chekka hududlardagi oddiy odamlar ham endi ijtimoiy davlatda yashayotganini, shu maʼnoda, ijtimoiy himoya olishga haqli ekanini tushunib yetayotgan ekan, bu yoʻlda tashlayotgan har bir qadamimiz aniq, manzilli va natijador boʻlishi shart va zarur.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri