Ayni kunlardagi yurtimizda ob havo haroratining 40-42, janubiy viloyatlarda kuzatilayotgan 45-47 darajagacha koʻtarilishi anomal issiq deb baholanadi. Mutaxassislar 41 darajadan yuqori boʻlgan haroratni inson organizmiga salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli baland deb taʼkidlaydi. Bunda nafaqat bemorlar, balki sogʻlom insonlar ham oʻzini lohas sezishi va qator noxush kasalliklar yuzaga kelishi mumkin.
Oxirgi yillarda sayyoramizda anomal issiqliklar tez-tez sodir boʻlayotgani haqida maʼlumotlar koʻp. Toʻgʻri, bizning mamlakatimiz issiq iqlimli mamlakat qatoriga kiradi. Lekin anomal issiqda organizmda keskin salbiy oʻzgarishlar boʻlishi tabiiy.
Inson organizmining 70 foizdan koʻprogʻi suyuqlikdan tashkil topgan boʻlib, bu qon-tomir tizimida muhim ahamiyat kasb etadi. Qon-tomir tizimi faoliyati 36,6 haroratda oʻz hujayralarini oziqlantirish, kislorod bilan taʼminlash funksiyalarini meʼyorida bajara oladi. Ammo tana harorati balandlab ketganda, organizmda salbiy oʻzgarishlar roʻy beradi.
Shu bois, anomal issiq sharoitida belgilangan umumiy qoidalarga amal qilishimiz lozim boʻladi. Birinchi qoida — zarurat boʻlmaganda koʻchaga chiqmaslik. Albatta jaziramadan himoyalovchi bosh kiyim kiyib yurish talab etiladi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari oʻtgan boʻlib, jaziramada oftob urish ehtimoli kuchayadi.
Bunday sharoitda tabiiyki, yengil hazm boʻladigan taomlar hamda meva va sabzavotlar isteʼmol qilish, koʻproq suyuqlik ichish talab etiladi. Kofe, shirin, gazlangan suvlarni isteʼmol qilmaslik maqsadga muvofiq.
Havoni yaxshi oʻtkazadigan, quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Toʻq, xususan, qora va jigar rang matodan tikilgan kiyimlar oʻziga issiqlik va quyosh nurini koʻp tortadi. Oq rangli kiyimlar quyosh nurini yaxshi qaytarish xususiyatiga ega.
Oftob urishi oqibatida tana haroratining koʻtarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakning tez urishi, bosh ogʻrishi, bosh aylanishi, koʻngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.
Bunday paytda oftob urgan odamni darhol soya joyga olib, sochiqni muzdek suvga hoʻllab boshiga qoʻyish tavsiya etiladi. Boʻyin va qoʻltiq sohasiga muz boʻlaklari qoʻyish ham foydadan holi boʻlmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichirilib, tez yordam chaqiriladi.
Respublika aholisini bunday sharoitda muhofaza qilish, tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 173 ta tuman va shahar boʻlimlari shay boʻlib turibdi. Ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligining “1003” qisqa raqamli Sall-markazi faoliyat koʻrsatmoqda.
Elmira BOSITXONOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari