Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasida innovatsion faoliyat subyektlari va tadbirkorlik natijalari asosida tashkil etiladigan ish oʻrinlari, ichki va tashqi bozorda tijoriylashtirish orqali yaratilgan ishlanmalar sonini koʻpaytirishni nazarda tutuvchi qator vazifalar belgilangan. Ular ijrosini taʼminlash, ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun 2018-yildan buyon muntazam ravishda “InnoWeek.Uz” xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi oʻtkazib kelinmoqda.
Mazkur haftalik mamlakatimizdagi ilmiy-innovatsion ishlanmalar hamda ilm-fan yutuqlarini namoyish etish, investitsiya jalb qilishda katta imkoniyatlar yaratmoqda. Unda olimlarimiz tomonidan yaratilgan turli qiziqarli loyihalar namoyish etilib, bir qator ijobiy natijalarga erishilyapti. Jumladan, “Hududiy innovatsiyalar”, “Texnologiyalar transferi” va “Yangi innovatsiyalar” kabi burchaklar tashkil etilib, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, biotexnologiya, qurilish, kimyo sohalariga oid eng yangi ishlanmalar yigʻilganlar eʼtiboriga havola qilinmoqda.
Ayni paytda ularning aksariyati ishlab chiqarishga joriy etilib, dastlabki samaralarini berdi. Shunday istiqbolli ishlanmalardan biri “Porloq paxta navi tolasidan hamda yigirish jarayonidagi chiqindilardan yigiruvbop tola ajratib olish asosida yangi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish” loyihasi boʻlib, uni tijoriylashtirishga Innovatsion rivojlanish agentligi 1,388 milliard soʻm mablagʻ ajratdi.
Ayni paytda loyiha doirasida Chust tumani mahallalaridagi 7 nafar fuqaro ish bilan taʼminlanib, umumiy hajmi 90 million soʻmlik dastlabki sinov-tajriba mahsulotlari mahalliy bozorga yetkazib berildi. Navbatdagi loyiha asosida Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi ona asalarilarni sunʼiy usulda yetishtirish va urugʻlantirishga ixtisoslashgan korxonalardan biri ish boshladi.
Oʻtgan yili korxonada 2000 kilogramm asal, 5 kilogramm gulchangi va 1,5 litr asalari suti yetishtirilgan. 2023-yilda esa sunʼiy usulda ona asalarilarni yetishtirib, sunʼiy usulda urugʻlantirish hamda aholi xonadonlari va asalarichilik xoʻjaliklariga tarqatish rejalashtirilgan. Qolaversa, yana bir MCHJ korxonasi “Oʻsimlik yogʻlarini pereeterifikatsiya qilish usuli bilan sut yogʻi oʻrnini bosuvchi yogʻlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish va amalga oshirish” loyihasi ustida ish boshlagan.
Loyiha doirasida mahalliy xomashyolardan foydalangan holda, oʻsimlik yogʻini pereeterifikatsiya qilish (yogʻlarning oʻzaro reaksiyaga kirishuvi natijasida yangi efirlarning hosil boʻlishli) texnologiyasi joriy etilib, import oʻrnini bosuvchi yogʻ-moy mahsulotlarining yangi turlari, sut yogʻi oʻrnini bosuvchi maxsus yogʻ ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Yogʻ kislotalari bilan boyitilgan, mahalliy oʻsimlik moylaridan olingan retseptlar asosida yaxshilangan organoleptik xususiyatlarga ega margarin ishlab chiqarish texnologiyasi joriy etiladi.
Bunday yogʻlarni olish texnologiyasi ilgari yurtimizda mavjud boʻlmagan. Shuningdek, tibbiyotga oid loyihalarning tijoriylashuvi ham ijobiy samaraga ega. Masalan, tibbiyotda keng qoʻllanadigan antibiotiklar odamning immun tizimiga keskin taʼsir koʻrsatsa-da, koʻp hollarda homilador va emizikli ayollarga tavsiya etilmaydi. Shu sababli antibiotikka muqobil, bezarar va samarali dori-darmonlarni yaratish va ishlab chiqarish dolzarb vazifadir.
Dunyo olimlarining fikricha, mikroorganizmlar keltirib chiqaradigan yuqumli kasalliklarni davolashda bakteriofaglar antibiotikka muqobil preparat boʻlishi mumkin. Bakteriofaglar antibiotik oʻrnini bosuvchi vosita boʻlib, nojoʻya taʼsirga ega emas. Ularni homilador ayollar, emizikli onalar, har qanday yoshdagi bolalar, hatto muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarda ham qoʻllash mumkin.
Preparatning asosiy afzalligi shundaki, uni ishlab chiqarishda yurtimizda keng tarqalgan kasallik tarqatuvchi mikroorganizmlardan foydalanilgan. Shu sababli samaradorligi chet eldan keltirilgan preparatlarnikiga qaraganda ancha yuqori. Bu, oʻz navbatida, shu paytga qadar mamlakatimiz ehtiyoji uchun import qilinayotgan immunobiologik preparatlar hajmini qisqartirish bilan birga valyuta sarfini tejash imkonini beradi.
Bunday bakteriofag preparatlar nafaqat dorixonalarimizda sotilmoqda, balki chet elga eksport ham qilinmoqda. Jagʻ sohasida sinish boʻlgan bemorlarni davolashni optimallashtiradigan universal original bogʻlam ham eʼtiborga molik loyihalardan biridir. Ushbu mahsulotni ommaviy ishlab chiqarish jagʻ sohasida sinish boʻlgan bemorning vaqtinchalik va yakuniy transport immobilizatsiyasi muammosini toʻliq hal qiladi.
Bu davolash uchun tavsiya etilgan muolaja vaqtini 5 kun qisqartiradi. Mahsulot xorijdan keltirilayotgan muqobillaridan 3 barobar arzon va 90 foiz klinik hollarda mos keladi. Bundan tashqari, koʻz kosasining pastki devori jarohatlanishi va nuqsonlarini individual 3D modellashtirilgan implant yordamida bartaraf etish loyihasi ham tijoriylashtirishga yoʻnaltirildi. Uning ahamiyatli tomoni shundaki, modellashtirilgan implant qoʻllanganda jarrohlik amaliyotidan keyin bemorlarning reabilitatsiya vaqti qisqaradi.
Shuning hisobiga bemorlarning mehnat qobiliyati 1,6 barobar oshgani kuzatildi. “Fitopassit” tinchlantiruvchi dorisini ishlab chiqarish loyihasi ham istiqbolli ishlanma sifatida baholandi. Uni amalga oshirish natijasida asab tizimining funksional faolligiga tinchlantiruvchi, nevroz, taʼsirchanlik, xavotirlanish, qoʻrquv, toliqish, parishonxotirlik bilan kechuvchi holatlar, nerv qoʻzgʻalishi, uyqusizlikda qoʻllanadigan preparat yaratildi.
U olti xil mahalliy dorivor oʻsimlik (arslonquyruq oʻti, valeriana ildizpoyasi, naʼmatak mevasi, doʻlana mevasi, qora zira mevasi, oddiy qoʻlmoq)dan olinadi. Ushbu preparat hozir chet eldan keltirilayotgan tinchlantiruvchi dorilar oʻrnini bosadi va tannarxi 3-4 barobar arzonligi tufayli iqtisodiy samara keltiradi. Shu bilan birga, kelgusida eksport imkoniyatini beradi. Qishloq xoʻjaligiga oid loyihalar ham ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uygʻotadi.
Shunday loyihalardan biri asosida mamlakatimizda ipak qurtining ozuqa bazasi sifati va hosildorligini oshirish uchun yuqori navli tut koʻchatlari yetishtiruvchi in vitro laboratoriyasi va qoʻshimcha ikkita maxsus issiqxona tashkil etildi. Ularda tut daraxtining xasaki va duragay navlariga nisbatan 1,5-2 barobar yuqori hosildorlikka ega, yangi serhosil navlari koʻchati koʻpaytiriladi.
Shuningdek, fermer xoʻjaligi hududida keng turdagi tut koʻchatlarini yetishtirish maqsadida Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida koʻpaytirib kelinayotgan tutning jahon kolleksiyasi tarkibiga kiruvchi 240 navidan 2,2 gektar maydonda yangi kolleksiya tutzori barpo etildi. Ipak qurti ozuqa bazasining sifatli tut koʻchatlariga talabini taʼminlash maqsadida davlat reyestriga kiritilgan, turli hududlarda koʻpaytirilishi moʻljallangan yuqori navli, kasalliklardan xoli koʻchatlarni in vitro usulida koʻplab yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.
Natijada dastlabki yilning oʻzidayoq 300 ming dona “Jarariq-2”, “Jarariq-7”, “Jarariq-14” va “Marhamat-2017” tut navlari koʻchatini yetishtirish imkoniyati yaratildi.