Antitanachalarga test topshirish – pulni koʻkka sovurishdir

    Salomatlik 29 Iyul 2021 1135

    Mantiqqa toʻgʻri keladigan yagona narsa - imkon qadar tezroq virusga qarshi emlanishdir.

    Chet ellik mutaxassislar taʼkidlashicha, antitanachalar mavjudligini tekshirish uchun topshirilgan test natijalari odamning immun himoyasi darajasi toʻgʻrisida ishonchli xulosalar qilishga imkon bermaydi.

    Maʼlumotlarga koʻra, antitanachalar mavjudligi koronavirusdan himoyalanishning aniq belgisi emas, bundan tashqari uzoqroq saqlanib qoladigan hujayraviy immun reaksiyasi mavjud boʻlib, uni antitanachalarga topshirilgan test aniqlay olmaydi. Boshqacha qilib aytganda, sizda antitanachalar darajasi past boʻlishi mumkin, ammo shunga qaramay, hujayraviy immunitet orqali virusga qarshi yaxshi himoya ham mavjud boʻlishi mumkin. Yoki aksincha, yuqori darajadagi antitanachalar va past hujayraviy himoya darajasi boʻlishi mumkin.

    Shu bilan birga, kross-reaksiya tufayli test notoʻgʻri ijobiy natija koʻrsatishi mumkin – masalan, oddiy shamollashdan keyin qolgan antitanachalarni test Covid-19ga qarshi immunitet deb baholashi mumkin.

    Bunday vaziyatda mutaxassislar sizni kasallikdan keyin “himoyalanganingizga” ishonch hosil qilish uchun pulni behuda sarflamaslikni maslahat berishmoqda: koviddan tuzalgan bemorlarning qon plazmasi virusning yangi variantlari bilan kurashishga uncha qodir emas.

    Ilmiy nuqtayi nazardan, mantiqqa toʻgʻri keladigan yagona narsa - imkon qadar tezroq virusga qarshi emlanishdir.