Shu yil mart oyida koronavirusning Xitoyda aniqlangan NB.1.81 shtammi baʼzi mamlakatlar boʻylab tarqalayotgani haqida maʼlumotlar bor. Lekin, SOVID-19 ning yangi toʻlqini dunyoni qamrab olmoqda, degan xabarlar asossiz, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekov.
Maʼlumki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2024-yil 13-apreldan koronavirus bilan kasallanish boʻyicha kundalik axborot berib borishni toʻxtatgan. Davlatlar miqyosida ham shunday. Masalan, Rossiyaning “Rospotrebnadzor” tashkiloti 2024-yil 12-maydan kundalik maʼlumotlar eʼlon qilish amaliyotini yakunlagan.
Aslida, shuning oʻziyoq sayyoramizda koronavirus boʻyicha epidemiologik vaziyat barqaror ekanligini anglatadi. Qolaversa, SARS-CoV-2 ning NB.1.81 shtammi keng koʻlamda yoyilayotganiga doir maʼlumotlarni JSST rasman tasdiqlagani yoʻq.
Sir emas, dunyoda koronavirus boʻyicha shov-shuvli axborotlarni tarqatishdan manfaatdor guruhlar bor. Ayni kunlarda eʼlon qilinayotgan bu kabi maʼlumotlarni ham shunday izohlasak, toʻgʻri boʻladi. Chunki Yer yuzida yangi toʻlqinning kuzatilish ehtimoli qariyb nolga teng. Oʻzbekiston misolida aytadigan boʻlsak, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror. Aholida koronavirus shtammiga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga boʻlgani singari munosabat allaqachon shakllangan. Chunki mazkur kasallikni diagnostika qilish, davolash imkoniyatiga egamiz. Oʻz navbatida, odamlarda bu xastalikka nisbatan jamoaviy immunitet vujudga kelgan. Nafaqat Oʻzbekiston, butun Yer kurrasida holat shunday, — deydi mutaxassis.
Toʻgʻri, mamlakatimizda COVID-19 ga chalinganlar oz miqdorda boʻlsa ham, aniqlanib turibdi. Ammo murojaat qilgan bemorlarning faqat ikkilamchi surunkali kasalligi boʻlganlarigina shifoxonada davolanmoqda. Qolaganlari xastalik yengil kechganligi sababli ambulator sharoitda muolaja olyapti.
“Yangi viruslar paydo boʻldi” degan xabarlarga kelsak, mana, hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon toʻxtagani yoʻq. Biroq oʻtgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi, xolos. Shu maʼnoda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas.
Ayni oʻrinda yurtdoshlarimizga Oʻzbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yoʻlga qoʻyilgani, tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib borilishini eslatib oʻtmoqchiman. Shu maʼnoda, dunyoda qayd etilayotgan yangi shtammlar haqida darhol shov-shuvli xabarlar tarqatishga zinhor urinmaslik kerak. Xavotirga hech qanday asos yoʻq, — deyiladi xabarda.








