Qayd etilganidek, sanoat korxonalari sonining ortishi, keng koʻlamli qurilish ishlari, shaharlar hududining kengayishi va transport vositalari koʻpayishi natijasida shovqinning aholi turmushiga salbiy taʼsiri kuchayib bormoqda.
Ayni paytda aholi salomatligi, osoyishtaligi va dam olish huquqini himoya qilishga qaratilgan yagona kompleks huquqiy mexanizm mavjud emas. Garchi shovqin meʼyorlarini belgilaydigan 7 ta sanitariya norma va qoidalari amal qilsada, ularga rioya etilishini taʼminlovchi qatʼiy huquqiy talablar yetarli darajada belgilanmagan.
Yangi qonun bilan aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, vakolatli organlarning vazifalari hamda profilaktik chora-tadbirlar aniq belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqin turlari, bunday harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqt oraliqlari hamda shovqinning zararli taʼsiri uchun kompensatsiya toʻlovlarini qoʻllash tartibi nazarda tutilmoqda.
Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning mazkur sohadagi huquq va majburiyatlarini ham belgilab, inson salomatligiga zarar yetkazuvchi shovqin manbalari uchun masʼuliyat choralarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur hujjat aholini shovqinning zararli taʼsiridan samarali himoya qilish, fuqarolarning tinchligi va dam olish huquqini taʼminlash boʻyicha munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.