Ushbu hukm ustidan sudlanuvchi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudida koʻrib chiqilib, joriy yil 9-dekabr kuni apellyatsiya instansiyasi qarori bilan hukm oʻzgartirilgan va A. Shukurovga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan — 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.
Biroq Toshkent shahar prokuraturasi mazkur ajrim yuzasidan taftish tartibida protest kiritib, apellyatsiya sudi qarori bekor qilinishi va birinchi instansiya sudi tomonidan 104-modda va 277-modda boʻyicha tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazolari oʻzgarishsiz qoldirilishini soʻragan.
Bugun jinoyat ishi Toshkent shahar sudining uch nafar sudyadan iborat taftish hayʼati tomonidan qayta koʻrib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirildi. Sud qaroriga koʻra, apellyatsiya instansiyasining ajrimi bekor qilinib, birinchi instansiya sudining hukmi oʻzgartirildi.
A. Shukurovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan yetkazilgan moddiy zarar qoplangani inobatga olinib, ushbu modda boʻyicha ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3-yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan tayinlangan 5 yil hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari oʻzgarishsiz qoldirildi.
Jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan A. Shukurovga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning qamoqda saqlangan kunlari hisobga olinib, oʻtash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirildi.
Sud ajrimi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat berish yoki protest keltirish huquqiga ega.