Endi tumanga tashrif buyurgan mehmonlar asrlar davomida saqlanib kelayotgan tarixiy obidalar bilan tanishish barobarida Aqchakoʻl boʻyidagi ajoyib tabiat qoʻynida hordiq chiqarish imkoniyatiga ham ega boʻlishdi.
Nomi afsonaga aylangan Aqchakoʻl boʻyida yaqinda zamonaviy sayyohlik zonasi foydalanishga topshirildi. Haqiqatan ham, bu yerning tabiati boshqacha. Yozning jazirama kunlarida koʻl boʻyida mayin shamol esib, qalbingizga yaxshi kayfiyat baxsh etadi. Bunday moʻjizaviy maskanni Qoraqalpogʻistonning boshqa joylaridan topa olmaysiz.
— Aqchakoʻl bunday chiroyli boʻlib ketadi, deb kutmagan edik. Bu yer bugun biz uchun, oilamiz uchun, yoshlar va qariyalar uchun juda fayzli dam olish maskaniga aylanibdi, — deydi shu tumanda yashovchi Salomat Abdullayeva. — Mana, yangi Oʻzbekistonda yangicha hayot hukm surayotgan bir paytda Aqchakoʻl atrofida ham moʻjizaviy markaz ish boshlabdi. Albatta, biz bundan juda xursandmiz. Boshqacha aytsam, Aqchakoʻlni koʻrmabsiz, bu dunyoga kelmabsiz.
Bu turistik zonada mahalliy va xorijiy sayyohlar maroqli dam olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Xususan, 750 metrli plyaj, plyaj futboli va plyaj voleyboli maydonchalari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, vorkaut va bolalar uchun raqs maydonchalari mavjud. Ushbu turistik zonaning qurilish ishlari uchun mahalliy byudjetdan 10 milliard soʻm ajratildi va qisqa vaqt mobaynida qurib bitkazildi.
— Bu yerga maktabda oʻqigan davrimizdan boshlab kelamiz. Aqchakoʻlni juda yaxshi koʻraman. Koʻlning goʻzalligiga taʼrif berishar ekan, Oʻzbekistonning Shveysariyasi deb taʼriflashadi, — deydi shu tumanlik Guliston Rajabova. — Dam olish zonasi aynan shu yerda tashkil etilishini toʻgʻri qaror deb hisoblayman. Bu bilan sayyohlarni jalb qilish orqali tumanning iqtisodiy yuksalishiga ham katta hissa qoʻshiladi. Yurtimizda mana shunday maskanlar koʻplab ochiladi, deb umid qilaman.
Dam olish maskanida har xil tadbirlar tashkil etish uchun 774 oʻrinli zamonaviy amfiteatr qurilgan.
— Men ilgari ham bu yerga kelganman. Lekin avvallari bunday bunyodkorlik yoʻq edi, — deydi Zamiraxon Xudoyqulova. — Davlatimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor tufayli Aqchakoʻl sohillari turistik zonaga aylanmoqda. Amfiteatrda har xil konsertlar tashkil etilyapti, tadbirkorlar savdo xizmatini yoʻlga qoʻyishmoqda. Albatta, buning barchasi oilaviy dam olish uchun ham, chet el sayyohlari uchun ham juda katta qulayliklardir.
Ellikqalʼa tumani tarixiy yodgorliklarga boy. Masalan, Tuproqqalʼa yodgorligi milodiy III asrda Kushon imperiyasidan ajralib, mustaqillikni qoʻlga kiritgan Xorazm davlatining poytaxti boʻlgan. Bu yerda boʻlgan kishi zardoʻshtiylar davriga xos, olovga sigʻinuvchilar uchun maxsus xonalarni, Xorazm shohi chet ellik elchilarni qabul qilgan keng va mahobatli zalni koʻzdan kechirishi mumkin. Qazilmalar jarayonida topilgan, eramizdan oldingi IV-III asrlarga oid tarixiy buyumlar esa tuman arxeologiya va oʻlkashunoslik muzeyida saqlanmoqda.
Tumanda Ayozqalʼa, Qoʻyqirilganqalʼa, Burgutqalʼa, Yonboshqalʼa, Guldursunqalʼa, Qavatqalʼa singari qator obidalar III-IV asrlarga talluqli.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda 288 ta moddiy-madaniy obyekt boʻlib, shundan 131 tasi arxeologiya, 24 tasi arxitektura yodgorligi, 88 tasi monumental va 45 tasi diqqatga sazovar joy hisoblanadi. Bugun ularni sayyohlarga tanitish, jozibador maskanga aylantirish ishlari tobora keng quloch yoymoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri