Uchrashuvda Oʻzbekiston va AQSH davlatlari oʻrtasidagi strategik sheriklik va oʻzaro diplomatik aloqalar taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib, bu borada amalga oshirilayotgan joriy hamkorlik masalalari oʻzining ijobiy natijalarini berayotgani taʼkidlandi.
Taʼlim sohasidagi xalqaro ilgʻor tajribani Oʻzbekistonga tatbiq etishda AQSH bilan olib borilayotgan ikki tomonlama hamkorlikning ahamiyati, xususan Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) bilan amalga oshirilayotgan ishlar tilga olinib, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga umid bildirildi.
Elchi Oʻzbekistondagi missiyasiga kirishganda oldiga qoʻygan asosiy maqsadi ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik sahifalariga taʼlim elchisi boʻlish ekanligini qayd etdi.
Vazir va elchi muloqotida, shuningdek, oʻqituvchilarning malakasini oshirish, maktablarda taʼlim sifatini koʻtarish, almashinuv dasturlari, inklyuziv taʼlimga oid loyihalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.