Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasidan maʼlum qilishlaricha, delegatsiya tarkibi AQSH Kongressidagi “Oʻzbekiston boʻyicha kokus”ning hamraisi, Missisipi shtatidan respublikachi kongressmen Trent Kelli va Vakillar palatasining Yoʻllar va vositalar boʻyicha qoʻmitasi aʼzosi, Illinoys shtatidan respublikachi kongressmen Derin Laxud hamda ularning xodimlaridan iborat.
Amerikalik qonunchilar Oʻzbekistonda boʻlgan vaqtlarida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbariyati bilan, shuningdek, respublikamiz vazirlik va idoralarida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi. Tashrif davomida delegatsiya mamlakatimizning tarixiy va madaniy merosi bilan ham tanishadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Eslatib oʻtamiz, ushbu tashrif AQSH Kongressi aʼzolarining Oʻzbekistonga 2017-yildan buyon yettinchi safari boʻladi. Oʻtgan yili ikki partiyadan bir guruh amerikalik qonunchilar mamlakatimizga ikki marotaba tashrif buyurgan va ulardan biriga Vakillar palatasining tashqi ishlar boʻyicha qoʻmitasi raisi, Nyu-Yorklik demokrat kongressmen Gregori Miks rahbarlik qilgan edi.