AQSh turizm sohasi vakillari Oʻzbekiston sayyohlik va biznes imkoniyatlari bilan tanishdi

    Turizm 29 Oktabr 2024 769

    Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasida “Oʻzbekistonda sayyohlik va biznes imkoniyatlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Tadbir Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini faol targʻib etish, milliy brendni mustahkamlash va mamlakatimizning noyob tarixiy-madaniy merosini AQShda ommalashtirish maqsadida oʻtkazildi.

    Davra suhbatida amerikalik turoperatorlar, Vashington meriyasi vakillari, PR-mutaxassislari, kino industriyasi, chakana savdo mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, mehmonxona biznesi egalari va dizaynerlar ishtirok etdi.

    Ishtirokchilar Oʻzbekistonning turizm sohasidagi yutuqlari, amalga oshirilayotgan loyihalar va sohani rivojlantirish strategiyasi bilan atroflicha tanishtirildi. Xususan, Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakatimizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Termiz kabi asosiy sayyohlik yoʻnalishlari haqida soʻz yuritdi. Yigʻilganlar oʻzbek urf-odatlari, taomlari, tarixiy obidalari va noyob madaniy yoʻnalishlari haqida ham maʼlumotlarga ega boʻldilar.

    Muhokamalar davomida, shuningdek, turizm sohasiga xalqaro investorlarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari, mehmonxona va koʻngilochar biznesni rivojlantirish uchun amaldagi imtiyozlar va imkoniyatlar taqdim etildi.

    Tadbir doirasida turizm sohasida yangi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish maqsadida Turizm qoʻmitasi raisi U.Shadiyevning Amerika turistik maslahatchilar jamiyati (American Society of Travel Advisors – ASTA) katta vitse-prezidenti Mark Mider bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    ASTA 8 mingga yaqin aʼzolarni, jumladan, AQSh, Kanada va boshqa mamlakatlardagi sayyohlik agentliklarini, shuningdek, aviatsiya, yuk tashish, avtobus kompaniyalari, mehmonxona egalari, avtomobil ijarasi kompaniyalari va 100 dan ortiq mamlakatlardagi davlat turizm tashkilotlarini birlashtiradi.

    Mark Mider Oʻzbekistonning madaniy merosi, tabiiy goʻzalliklari va turistik infratuzilmasi va sayyohlarni jalb etish uchun rejalashtirilayotgan yangi dasturlar va imkoniyatlar bilan tanishdi.

    Uchrashuvda tomonlar kelajakda ASTA imkoniyatlaridan foydalangan holda Oʻzbekiston turizm salohiyatini keng targʻib etish boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar va Oʻzbekistonning sayohat imkoniyatlarini kengaytirish va yurtimizga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida birgalikda ish olib borishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

    Bundan tashqari oʻzbekistonlik dizayner va anʼanaviy kashtachi Hamida Inoyatova asarlari taqdimoti ham oʻtkazildi. U anʼanaviy naqshlar yaratish jarayoni va oʻzbek kashtachiligining chuqur anʼanalari haqida soʻzlab berdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Tadbir mehmonlari oʻzbek raqqosa va sozandalarining chiqishlaridan bahramand boʻldilar, bu tadbirga oʻzgacha fayz qoʻshib, Oʻzbekiston madaniyatining oʻziga xosligini taʼkidladi.