AQSh va Buyuk Britaniya Yamandagi husiylarga tegishli obyektlarga yana zarba berdi

    AQSh va Buyuk Britaniya qurolli kuchlari Yamandagi husiylarning sakkizta obyektiga hujum qildi, deyiladi mamlakatlar qo'shma bayonotida.

    “AQSh va Buyuk Britaniya harbiylari o'z hukumatlarining buyrug'i va Avstraliya, Bahrayn, Kanada hamda Niderlandiya ko'magida Yamandagi husiylarning sakkizta obyektiga qo'shimcha mutanosib va ​​zaruriy zarbalar berdi”, deyiladi bayonotda.

    Zarbalardan maqsad husiylarning kemalarga hujum qilish qobiliyatini kamaytirish ekanligi aytilgan. Xususan, “yer osti ombori”, shuningdek, husiylarning raketa inshootlari joylashgan joylarga zarba berilgan.

    Noyabr oyi o'rtalarida husiylar G'azo sektoridagi falastinliklarni qo'llab-quvvatlab, Qizil dengizda Isroil bilan bog'liq kemalarga hujum qila boshlashdi, bu esa Suvaysh kanali orqali yuk tashish oqimining keskin pasayishiga olib keldi.

    Bunga javoban 12-yanvar kuni AQSh va Buyuk Britaniya Yamanning to'rt viloyatidagi husiylarga tegishli obyektlarga havodan zarbalar berdi, deb xabar beradi ria.ru.