Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasiga maʼlumotiga koʻra, tadbirda Amerika Qoʻshma Shtatlarining turli tashkilotlaridan koʻplab mutaxassislar ishtirok etishi, taqdimot oʻtkazishi va maʼruzalar oʻqishi kutilmoqda.
Xususan, Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining asoschisi va raisi Frederik Starr, Ogayo davlat universitetining Yaqin Sharq tillari va madaniyati kafedrasi mudiri, oʻzbek tili dasturi rahbari Skott Levi, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjimasi muallifi Mark Riz, AQSH Kongressi kutubxonasi Yaqin Sharq boshqarmasi direktori Joan Viks, Jorj Vashington universiteti professori Laurel Grey kabi yurtimiz boy tarixi va madaniyatini chuqur oʻrgangan olimlarning taqdimotlari oʻrin olgan.
Anjumanda mamlakatimizning Vashingtondagi elchisi Javlon Vahobov va Oʻzbekiston madaniyat vazirining oʻrinbosari Kamola Akilova qutlov nutqi bilan qatnashadi.
Onlayn-konferensiya doirasida “Yangi devon” kitobi muallifi, shoir Endryu Stanilandning Alisher Navoiy ijodidan ilhomlanib yozgan sheʼrlari taqdim etiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning amerikalik doʻstlari Navoiy ijod mahsullarini oʻqishda oʻz mahoratini namoyish etadi.