AQSHning Crow Holdings kompaniyasi Toshkentga katta qiziqish bildirmoqda

    Investitsiyalar 2 Iyun 2021 904

    Bugun, 2-iyun kuni, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev Amerikaning Crow Holdings kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashdi. Samimiy ruhda oʻtgan muloqotda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

    Toshkent shahar hokimi amerikalik tadbirkor va olimlarni poytaxtimizda koʻrib turganidan xursandligini bildirib, mehmonlarga Toshkentning soʻnggi yillardagi yutuqlari, salohiyat va imkoniyati haqida maʼlumot berdi. Jumladan, shahar iqtisodiyoti oxirgi 3 yilda ikki barobar yuksalgani, ayni shu davrdagi bunyodkorliklar koʻlami bundan avvalgi 70 yilda qilingan ishlar xajmi bilan teng ekanligini alohida qayd etib oʻtdi.

    Shu bilan birga oxirgi 3 yilda poyaxtimizda 22 ta yer usti hamda 4 ta yer osti metro bekatlari qurilgani, ayni paytda taʼlimni rivojlantirishga, jumladan, xususiy taʼlimning hissasini oshirishga ham katta eʼtibor qaratilayotganligini, fizika, matematika, kimyo, biologiya, geografiya fanlari qatori ingliz tilini yaxshi oʻzlashtirgan oʻquvchilar va ularning oʻqituvchilari uchun hokim stipendiyasi va mukofot puli joriy qilinganligini maʼlum qildi.

    Xizmat koʻrsatish yoʻnalishida taʼlim, tibbiyot, sport va gastronomik turizmni rivojlantirish, shahar sayyohlar uchun nihoyatda qulay va jozibador boʻlishi yoʻlida ish olib borilayotganligini ham bildirdi. Shuningdek, Oʻzbekiston poytaxti azaldan ilm-maʼrifat, madniyat markazi boʻlganligiga eʼtibor qaratib, hozir olib borilayotgan barcha yoʻnalishdagi ishlar Toshkentning nufuzini yana-da yuksaltirish, turistik jozibadorligini oshirish, umuman, shaharni har tomonlama rivojlantirishga qaratilganligini aytib oʻtdi.

    Oʻz navbatida Crow Holdings kompaniyasi boshqaruvi raisi Xarlan Krou samimiy qabul va doʻstona muhit uchun minnatdorlik bildirib, juda goʻzal va barqaror rivojlanib kelayotgan shahar hamda uning rahbariyati bilan uchrashuvdan katta taassurot olayotganligini bildirdi. Toshkent shahar hokimining poytaxt va uning taraqqiyot strategiyasi haqidagi fikrlaridan taʼsirlanganligini aytib, agar shahar shu suratda olgʻa boradigan boʻlsa, yutuqlar, natijalar ancha salmoqli boʻlishini eʼtirof etdi. Shuningdek, uning kompaniyasi turar va noturar joylar, ishlab chiqarish maskanlari va mehmonxonalarni qurishda ilgʻor ekanligini qayd etib, ular uchun ayni shu sohadagi hamkorlik istiqbolli ekanligiga eʼtibor qaratdi.

    Toshkent shahar hokimi bugungi kunda AQSHlarining qator nufuzli ishbilarmonlari poytaxt iqtisodiyotiga investitsiya kiritgani va ular bilan birgalikda turli loyihalar amalga oshirilayotganiga ham toʻxtalib, shular qatorida Crow Holdings bilan hamkorlikda ishlash samarali boʻlishini aytib oʻtdi.

    Oʻzaro muloqot davomida mehmonlar shahar infratuzilmasi, iqtisodiyoti, soliq tizimi, xizmat koʻrsatish sohasi va boshqa yoʻnalishlardagi savollarga javob oldilar.