AQSHning yetakchi IT kompaniyalari Oʻzbekistonni mintaqaviy IT markazga aylantirishda hamkorlik qiladi

    Xalqaro hamkorlik 19 May 2022 1283

    18-mayda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda yoshlarni yetakchi xorijiy kompaniyalarga masofadan turib xizmat koʻrsatish kasbiga, yaʼni autsorsing (BPO va KPO) xizmatlarini koʻrsatishga oʻrgatish, keyinchalik ularni ish bilan taʼminlash maqsadida respublikaning barcha hududlarida masofaviy xizmatlar koʻrsatish autsorsing (BPO va KPO) markazlarini tashkil etilayotgani taʼkidlandi.

    BPO yoʻnalishi boʻyicha AQSHda mavjud dunyo miqyosidagi yetakchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish, ularni respublikamizga jalb etish orqali har bir autsorsing markazda yiliga kamida 25 ta yangi ish oʻrinlari yaratish va hududdagi IT-xizmatlar eksportini oshirish imkonini beradi.

    Uchrashuv davomida Oʻzbekistonni mintaqaviy IT markazga aylantirish, AQSHning yetakchi IT kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, Oʻzbekistonda IT sohasini rivojlantirish, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish, xalqaro tajriba va ilgʻor tendensiyalarni hisobga olgan holda “Elektron hukumat” va raqamli sanoatni yanada rivojlantirish boʻyicha masalalar muhokama etildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.