Tadbirda Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotgan va Oʻzbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirgan yamanlik tadbirkor va investorlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchisi Nodirjon Turgʻunov taʼkidlashicha, bu kabi tadbirlar ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini yoʻlga qoʻyish va oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy sarmoyadorlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda, – dedi elchi Nodirjon Turgʻunov. – Bugungi tadbir orqali biz Saudiya Arabistoni va Yaman biznes vakillariga Oʻzbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlarini yanada yaqinroq tanishtirishni maqsad qildik.

Anjumanda, shuningdek, ishtirokchilarga diyorimizda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay muhit, jumladan, xorijiy investorlar uchun mavjud soliq va bojxona imtiyozlari, iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlaridagi rivojlanish istiqbollari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbirkorlar biznes yuritishning huquqiy jihatlari, logistika, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va investitsiya sohasidagi davlat siyosati boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga elchixona vakillaridan toʻliq javob olishdi.

Taqdimot yakunlari boʻyicha ishtirokchilar Oʻzbekiston bilan hamkorlik istiqbollari haqida aniq tasavvurga ega boʻldi.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan yamanlik tadbirkorlarning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha ham kelishib olindi. Ular mamlakatimizdagi sarmoyaviy muhit va yangi biznes imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi.

Bu kabi tashabbuslar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishda muhim oʻrin tutadi. Elchi Nodirjon Turgʻunov Oʻzbekiston oʻzining ochiq va faol investitsiya siyosati bilan har qanday hamkorlik uchun ishonchli platforma yaratishga tayyorligini qayd etgan.

Taqdimot davomida loyihalar va sohalar boʻyicha alohida uchrashuvlar tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish yuzasidan kelishuvga erishildi.