Xususan, 2023 yil 18 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida Saylov kodeksi hamda mavjud yettita qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi rivojlangan demokratik davlatlarning ilg‘or tajribasiga moslashtirildi.
Shuningdek, Saylov kodeksiga kiritilgan yangi normalarga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlari aralash saylov tizimi — ya’ni, majoritar va proportsional saylov tizimi asosida o‘tkazilishi belgilandi.
Aralash saylov tizimi proporsional va majoritar saylov tizimlarining uyg‘unlashuvidan iborat. Ushbu tizimda vakillik organidagi deputatlik o‘rinlarining bir qismi siyosiy partiyalarga ularning partiya ro‘yxatiga ko‘ra berilgan ovozlar miqdoriga mutanosib tarzda taqsimlanadi, ikkinchi qismi esa siyosiy partiyalar tomonidan bir mandatli saylov okruglarida ko‘rsatilgan nomzodlarga berilgan ovozlar asosida taqsimlanadi.
Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi joriy yil oktyabr oyida aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu saylovda Qonunchilik palatasining 75 deputati bevosita bir mandatli saylov okruglaridan saylanadi, qolgan 75 deputat esa siyosiy partiyalarning saylovda olgan ovozlariga muvofiq proporsional tarzda, partiya tomonidan taqdim etilgan nomzodlar ro‘yxati asosida saylanadi.
Majoritar saylov tizimiga ko‘ra, har bir siyosiy partiya bir mandatli saylov okruglaridan 75 ta deputatlikka nomzod ko‘rsatishi mumkin. Proporsional saylov tizimida esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxatida kamida 75, ko‘pi bilan 100 nafar nomzod bo‘lishi talab etiladi.
Saylov kodeksiga muvofiq, partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar o‘sha siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin, lekin boshqa siyosiy partiya a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilmaydi. Nomzod faqat bitta partiya ro‘yxatiga kiritilishi mumkin, va bir mandatli saylov okruglaridan ko‘rsatilgan nomzodlar partiya ro‘yxatiga kiritilmaydi.
Deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil belgilanadi. Bunda ayollar soni bir mandatli saylov okruglari va partiya ro‘yxati bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak (ilgari bu ko‘rsatkich 30 foiz edi). Partiya ro‘yxatidagi har beshta nomzoddan kamida ikkitasi ayol bo‘lishi talab etiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi orqali saylov o‘tkazilishi munosabati bilan saylovchilar saylov kuni ikkita saylov byulletenini oladi: biri majoritar saylov tizimi bo‘yicha, ikkinchisi proporsional saylov tizimi bo‘yicha.
Aralash saylov tizimi bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda keng tarqalgan va tobora ommalashib bormoqda. Ushbu tizimda vakillik organlariga saylangan deputatlar va saylovchilar o‘rtasida mustahkam aloqani ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Bu tizim partiyalarga o‘zlari olgan ovozlarga mutanosib ravishda deputatlik mandatlarini qo‘lga kiritish imkonini beradi, bu esa saylov natijalarining adolatli va shaffof bo‘lishiga yordam beradi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bir qator davlatlar aralash saylov tizimini joriy etishga katta e’tibor qaratmoqda. Bu davlatlar, xususan, majoritar va proportsional saylov tizimlarining eng ijobiy jihatlarini uyg‘unlashtirish orqali o‘zlarining saylov jarayonlarini yanada adolatli va samarali qilishni maqsad qilgan. Shu sababli, aralash saylov tizimi bugungi kunda ushbu mintaqalarda keng joriy etilmoqda va bu tendensiya kuchayib bormoqda.
Aralash saylov tizimining keng tarqalishi nafaqat Yevropada, balki dunyoning boshqa qit’alarida ham kuzatilmoqda. Hozirda Germaniya, Ispaniya, Yaponiya, Vengriya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Albaniya, Janubiy Koreya, Litva, Meksika, Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya kabi 40 ga yaqin davlatlarda ushbu tizim qo‘llaniladi. Ushbu mamlakatlar aralash saylov tizimi orqali vakillik organlarini shakllantirishda ijobiy tajribaga ega bo‘lmoqda, chunki bu tizim saylovchilar va deputatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirishga va siyosiy hayotda fikrlar xilma-xilligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, aralash saylov tizimi siyosiy barqarorlikni ta’minlashga ham yordam beradi. Chunki, bu tizimda turli siyosiy kuchlar vakillik organlarida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi sababli, ko‘pincha siyosiy ko‘pchilikni shakllantirish osonlashadi. Natijada, parlamentlarda muvozanat va xilma-xillikni ta’minlash orqali, hukumatning siyosiy barqarorligi oshadi va bu davlat boshqaruvini yanada samarali qiladi.
Bundan tashqari, aralash saylov tizimi orqali saylovchilar o‘z hududlaridagi vakillar va partiyalar o‘rtasida muvozanat saqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Saylovchilar bir vaqtning o‘zida hududiy manfaatlarini ifoda etuvchi nomzodlarga ovoz berishlari, shuningdek, milliy miqyosdagi siyosiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi partiyalarni qo‘llab-quvvatlashlari mumkin. Shu sababli, aralash saylov tizimi nafaqat saylovchilarning manfaatlarini yanada yaxshiroq aks ettiradi, balki jamiyatdagi ijtimoiy muvozanatni ham ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, aralash saylov tizimi jamiyatda saylovchilarning huquqiy ongini oshirishga yordam beradi. Bu tizim orqali saylovchilar nafaqat nomzodlarning shaxsiyati bilan, balki ularning dasturlari va xalq turmushini yaxshilash bo‘yicha takliflari bilan ham yaqindan tanishib, ularning amaliy jihatdan qanchalik imkoniyatga ega ekanini baholaydi. Shundan so‘ng saylovchi o‘zi maqbul deb topgan nomzod yoki siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlash haqida qaror qabul qiladi. Bundan tashqari, ushbu tizim siyosiy partiyalar o‘rtasida raqobatni kuchaytirib, siyosiy hayotda fikrlar xilma-xilligining rivojlanishiga ta’sir qiladi.
Muhammadjon Tursunov,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi