Ardoqlar, eʼzozlar uchun tashakkur!

    Fikr 5 Mart 2021 2969

    Kuni kecha Yurtboshimiz tomonidan imzolanib, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan bir guruh qizlar roʻyxati orasida oʻzimning ismimni koʻrib, toʻgʻrisi, koʻzlarim sevinch yoshiga toʻldi.

    Axir mendek kichkina bir chekka qishloqdagi yosh ijodkor uchun katta ishonch bu. Adabiyot va ilm-fan yoʻlidagi kamtarona mehnatlarimiz, ezgu intilishlarimizning samarasidan gʻoyat xursandman. Toʻgʻrisi, 3-4 yildan beri mazkur tanlovga nomzod sifatida qatnashib kelardim. Mana, bu safar Davlat mukofotiga munosib koʻrishdi. Xushxabarni oʻqib, bagʻrimda chaqalogʻim bilan Toshkent tomon goʻyo uchib bordim.

    Otamning koʻksini togʻdek faxrga, onam qalbini beadad sevinchga chulgʻab yuborguvchi mujda edi. Ayni damda gʻoliblik shohsupasidan boqib, bizga umid bildirgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga mingdan-ming rahmat aytaman.

    “Oʻxshashimni topmassiz aslo”, “Umid tugib keldim dunyoga”, “Quyosh ertaga qaytar”, “Qumgʻon”, «Bolakoʻz», «Isʼhoqxon Ibrat - serqirra ijod sohibi», “Oʻqiganlarim va uqqanlarim”, «Xonzodabegim», “The sun will defintly return” (Germaniya), “Stories”, “Monaliza” (Amazon) kabi oʻndan ziyod sheʼriy va nasriy kitoblar muallifiman. Davriy bosma nashrlarda koʻplab publitsistik maqolalarim va kichik hikoyalarim chop etilgan.

    2016-yilgi “Yurt kelajagi”, “Doʻrmon seminari” tanlovlarining mutlaq gʻolibiman. 2017-yilda “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi stipendiyasi”ni olganman, 2018-yilda Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasini, “Oʻzbekiston bahori” tanlovi sovrindorligini qoʻlga kiritdim. 2019-yilda esa “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sohibasiga aylandim. “OʻzXDPning eng faol ayoli” tanlovi Respublika bosqichida 1-oʻrinni egalladim. 2020-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi boʻldim. Qozogʻistonning Abay Qoʻnonboyev nomidagi medali bilan taqdirlandim.

    Fursatdan foydalanib, yuksak eʼtirof va yutuqqa erishishimda kaminani doimo qoʻllab-quvvatlagan, ijodiy kamolotga yetishishimga beminnat hissa qoʻshgan filologiya fanlari doktori, akademik Baxtiyor Nazarov, NamDU dotsentlari Obidjon Karimov, Moʻminjon Sulaymonov, Abdujabbor Omonov hamda shoir va publitsist Sodiq Sayhunga alohida tashakkurlarimni yoʻllamoqchiman.

    Manzura ABDULLAYEVA,
    Namangan Davlat universitetining 2-bosqich magistranti,

    Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi.