“ArMI-2021”: VII Xalqaro armiya oʻyinlarini Oʻzbekiston tarixiy natija bilan yakunladi

    Harbiy 5 Sentabr 2021 1805

    Yilning eng nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri boʻlmish VII Xalqaro armiya oʻyinlari oʻz nihoyasiga yetdi. Unda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ham munosib ishtirok etib, tarixiy natijalarni qayd etdi.

    Joriy yil 22-avgustdan 4-sentyabrga qadar dunyoning 11 ta davlati hududida oʻtkazilgan “ArMI – 2021” Xalqaro armiya oʻyinlarida musobaqalarda 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi, boshqacha aytganda 5 000 dan ortiq harbiy xizmatchilar oʻzaro kuch sinashdi. Eʼtiborli jihati shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi jamoalari ham ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yoʻnalishi boʻyicha munosib ishtirok etdi.

    Mazkur bellashuvlar davomida vakillarimiz 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqa tashkilotchisidan keyin faxrli 2-oʻrinni egalladi.

    Xususan,

    “Sodiq doʻst” erkaklar jamoasi — 1 ta oltin;

    “Sodiq doʻst” ayollar jamoasi — 1 ta oltin;

    “Harbiy-tibbiy estafeta” jamoasi — 1 ta oltin;

    “Dala oshxonasi” jamoasi — 1 ta oltin medallarni qoʻlga kiritdi.

    Shuningdek, bir qator yoʻnalishlarda kumush va bronza medallari ham qoʻlga kiritildi.

    Aytish kerakki, mazkur musobaqalar davomida jamoalar tomonidan jami 37 ta rekord natija qayd etilgan boʻlib, shundan 10 tasi Oʻzbekiston Respublikasi hisobiga yozildi.

    Xitoy Xalq Respublikasi 6 ta, Belarus va Hindiston respublikalari hisobida esa 2 tadan.

    Xususan, “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida vakillarimiz 3 ta rekord natijalarini yangiladi.

    Yurtdoshlarimizning erishgan bu yutuq chinakam tarixiy natijadir. Rekordlar ketma-ketligi, medallar shodasi istiqlolimizning 30 yilligiga munosib tuhfa boʻldi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.