Unda vakillarimiz sariq, mezbon jamoa ekipaji yashil va xitoyliklar qizil rangli tanklarda harakat olib bordi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, birinchi davrada tankchilarimizga raqiblik qilgan bu ikki jamoa “Tank biatloni” musobaqasining eng kuchli ishtirokchilari hisoblanadi. Katta serjant Jonibek Yoʻldoshev, nishonga oluvchi kapitan Uchqun Shomurodov va mexanik-haydovchi 3-darajali serjant Avazbek Mustafoqulovdan iborat 1-ekipajimiz mazkur jamoalar bilan munosib bellashdi.

Musobaqaning yakkalik poyga shartiga koʻra, elipaj aʼzolari T-72B3 tanklarida turli toʻsiqlardan oʻtib, belgilangan nishonlarni yakson qilishga xarakat qilishdi. Nishon moʻljalga olinmaganda, yaʼni xatolikka yoʻl qoʻyilganda, ekipajlar jarima aylanasini bosib oʻtishdi.

Shunday qilib, Xalqaro armiya oʻyinlarining eng jozibali va qiziqarli yoʻnalishi boʻlmish “Tank biatloni” musobaqasining natijalariga koʻra, rossiyalik tankchilar ekipaji 19 daqiqayu 34 soniyada finishga yetib keldi. Xitoy jamoasi esa finish chigʻizini 21 daqiqayu 56 soniyada bosib oʻtgan boʻlsa, vakillarimiz 23 daqiqayu 31 soniya natijani qayd etishdi.

Musobaqa davomida hali ikkinchi va uchinchi ekipaj aʼzolarining ham chiqishlari bor. Ammo vakillarimizning shiddatli ishtirokini koʻrib aytish mumkinki, tankchilarimiz birinchi qadamni dadil va ishonchli tashlab oldi. Oʻylaymizki, oldindagi bahslarda yurtdoshlarimiz bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, sovrindorlar safidan munosib joy oladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, vakillarimiz harakat olib borayotgan birinchi divizionda jami 11 jamoa,yani Rossiya, Xitoy, Belarus, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Mongoliya, Oʻzbekiston, Serbiya, Venesuela, Suriya va Vyetnam jamoalari birinchilik uchun kurash olib boradi. Yurtdoshlarimiz ishtirokidagi keyingi bahslar 25-avgust va 28-avgust kunlari boʻlib oʻtadi.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

kommunikatsiyalar departamenti.

Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati,

“Alabino” poligoni