Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yarmarkalardagi ayrim rastalarda koʻrsatilgan narxlardan farqli narxlarda savdo qilish holatlari kuzatilayotgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Bu esa aholining eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Shu boisdan, arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalarida shaffoflikni taʼminlash, narxlarni nazorat qilish va sunʼiy oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qoʻshimcha choralar koʻrilmoqda. Jumladan, mazkur rastalarda kuzatuv kameralari oʻrnatilishi boshlandi.
Hozirgi kunda Mirobod dehqon bozori hamda “Eski Juva” bozori (Chorsu)da kuzatuv kameralarini oʻrnatish ishlari yakunlandi.
Bu boradagi ishlar davom etmoqda va tez orada poytaxtning barcha yirik bozorlaridagi arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkalarida kuzatuv kameralari oʻrnatiladi.









