Unda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar mamlakatning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon boʻlayotgani, xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga eʼtibor qaratilayotgani eʼtirof etilgan.
Maqola muallifi 2020-yil davomida tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyat boʻyicha davlat idoralari tomonidan 23 ta oliy va 12 ta yuqori darajali tashrif va turli tadbirlar amalga oshirilgani, bu jarayonda “xalq diplomatiyasi” amalda juda faol boʻlgani kuzatilgani, olimlar, ijodkorlar, madaniyat, din arboblari, ishbilarmonlar, yoshlar, turizm, sport tashkilotlari, jamoat birlashmalari ishtirokida 90 dan ortiq turli uchrashuvlar, videoanjumanlar kabi tadbirlar oʻtkazilganiga urgʻu bergan.
Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari qoʻshni davlatlar rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi natijasida Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va oʻzaro ishonch muhiti mustahkamlandi, davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari yoʻlga qoʻyildi. Natijada mintaqadagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, 2017-2019-yillar davomida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi yillik oʻrtacha 50 foizdan koʻproqqa oʻsib, 5,2 milliard dollarga yetgan. 2020-yil natijalariga koʻra, global pandemiya sharoitiga qaramay, mamlakatning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi umumiy hajmi 5 milliard dollarni tashkil etdi, deyiladi maqolada.
Muallif, shuningdek, 2017-2020-yillar davomida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta oʻylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan foydalanish, qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini kesib oʻtish kabi murakkab va chalkash muammolarga yechim topilganiga oʻquvchi diqqatini tortadi. Mintaqa davlatlari koronavirus infeksiyasi tarqalishining dastlabki kunlaridanoq bir-birlariga ijtimoiy yordam koʻrsatishni boshlagani, Oʻzbekiston qoʻshni davlatlarga bir necha bor gumanitar yordam yuborganini eʼtirof etadi.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasi va joriy yilgi Davlat dasturida Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilgani yaqin qoʻshnilik va doʻstlik strategiyasi Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanidan dalolat ekani taʼkidlanadi.
– Bu davlatning xalqaro nufuzini oshiribgina qolmay, Markaziy Osiyoning barqaror va ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylanishiga xizmat qiladi, – deb yozadi muallif.