AOKAda «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan brifingda 2016-2021-yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasi va 2022-2026-yillardagi ustuvor vazifalar xususida maʼlumot berildi.
— Tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2016-yilda 6,8 trillion soʻmlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan boʻlsa, islohotlar amalga oshirilishi natijasida oʻtgan yilda bu koʻrsatkich 22 trillion soʻmni, joriy yil yakuni bilan esa 24,2 trillion soʻmni tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 3,5 baravarga oshdi. Shuningdek, mazkur davrda eksport boʻyicha koʻrsatgich ham 5,2 baravarga oʻsdi. 2016-2021-yillarda sohaga investitsiyalar jalb qilish borasida ham izchil ishlar amalga oshirilib, 2016-yilda sohaga jami 360 million dollarlik investitsiya jalb qilingan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan ushbu koʻrsatkich 1 620 million dollarni tashkil etishi va ushbu davrga nisbatan investitsiya hajmini 5,6 barobarga oshirish moʻljallanmoqda, — deydi uyushma boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari Azizbek Bahodirov.
Sohada mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali, ularning importini optimallashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, joriy yil yakuni bilan mahalliylashtirish dasturi doirasida 17 turdagi 920 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish va natijada 86 million dollarlik qurilish materiallarining importini oʻrnini bosish moʻljallanmoqda.
Tarmoqni yanada takomillashtirish, sohaga xorijiy investorlarni keng jalb qilish, eksport koʻrsatkichlarini oshirish hamda yangi sanoat korxonalarini tashkil etish maqsadida 2022-2026-yillarda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.
Unga koʻra 2026-yilga borib tarmoq boʻyicha mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 42,3 trillion soʻmga yetkazish va bunda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarning ulushini 2016-yildagi 32,3 foizdan 53 foizgacha yetkazish belgilangan.
Natijada, asosiy turdagi qurilish materiallariga boʻlgan talab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan toʻliq qoplanadi. Jumladan, gazobeton, issiqlik saqlovchi izolyatsiya materiallari, qurilish oynasi, sement kabi mahsulotlar boʻyicha ichki talab qoplanib, mahsulotlarning bir qismi xorijga eksportga yoʻnaltiriladi.
Feruza MUXTOROVNA