Kecha poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni har qachongidan faraxbaxsh, har qachongidan-da fayziyob bo'ldi. Davomli yomg'irdan so'ng nurlarini pinxon tutib turgan quyosh go'yo Navoiyning mehrli yuziyu, so'zlarining so'nmas ziyosi kabi shu'lalandi.
Adabiyot bo'stonida salobat to'kib turgan buyuk bobokalonimiz yodgorligi qarshisida davlat va jamoat arboblari, shoiru yozuvchi, adabiyotshunosu tilshunoslar, o'qituvchiyu talabalar, keng jamoatchilik vakillari hamda xorijlik mehmonlar u zot tavalludining 581 yilligi munosabati bilan adabiy-ma'rifiy tadbirga jam bo'ldi.
Navoiyni o'rganishda ham tanaffus bo'lmasligi kerak
Tadbirni ochar ekan, O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid “Davlatimiz rahbari Yangi O'zbekiston strategiyasini belgilab berarkan, Uchinchi Renessans – Yangi Uyg'onish davrining mustahkam poydevori Alisher Navoiydek ulug' ajdodlarimizning bizga qoldirgan boy va betimsol ijodi va adabiy merosini keng o'rganish va o'rgatish, ayniqsa yosh avlod qalbiga singdirish bilan poydor va ustuvor bo'lishiga alohida e'tibor qaratadi. Shu ma'noda, “Tarbiyada tanaffus bo'lmaydi” iqtibosining “Navoiyni o'rganishda ham tanaffus bo'lmasligi kerak” degan yana bir nurli qirrasi yarqirab namoyon bo'ladi-ki, buni barchamiz qalban-ruhan anglab, his qilib turibmiz”, deya e'tirof etdi.
Chindan ham Navoiyni anglamay, unga yaqinlashmay turib, Uyg'onish pallasiga qadam qo'yib bo'lmaydi. Shu bois, Alisher Navoiy ijodini keng o'rganish, u qoldirgan boy ma'naviy merosni ertamiz egalariga to'laqonli etkazishga jiddiy yondashilayotgani bejiz emas. Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 4-fevralda “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan mutafakkir ijodini keng o'rganish va targ'ib qilish, shoir asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlar yaratib, respublika va chet ellarda nashr etish kabi ezgu harakatlar barchamizni birdek quvontiradi.
Xalqaro jamoat fondi tashkil etilgani ulug' zot qoldirgan ma'naviy xazinani mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng o'rganish hamda targ'ib qilishda ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Hozirda fond va O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Alisher Navoiy asarlari chet tillarga o'girilmoqda va navoiyshunoslik sohasida xorijiy tillarda yaratilgan asarlar o'zbek tiliga tarjima qilinmoqda, shoir hayoti va ijodiga bag'ishlangan ilmiy, badiiy asarlar yozilmoqda.
– Fond faoliyat boshlaganiga endigiina 8 oydan oshdi. Shu qisqa muddat ichida muayayn ishlar amalga oshirildi, – dedi tadbirda so'z olgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori, filologiya fanlari nomzodi Olimjon Davlatov. – Eng muhimi, bobomiz ijodi internetning o'zbek segmenti va xalqaro platformalarda faol targ'ib qilinyapti. Ilk marta Navoiy asarlari izohli lug'atining mobil` ilovasi yaratildi, unda 30 mingdan ortiq so'zning turli ma'no jilvalari, izohi qulay tarzda joylandi.
Bunday xayrli ishlar yosh avlodning Navoiy ijodini o'rganishiga qulaylik yaratishi bilan ahamiyatli. Navoiyshunos olima Burobiya Rajabova ham allomaning bemisl ijodi xususida so'zlab, o'zining Navoiy ijodi yuzasidan olib borayotgan keng ko'lamli faoliyatiga ham to'xtalib o'tdi. Olima tomonidan tayyorlanayotgan noyob to'plamlar albatta, kelajagimiz vorislari Navoiy asarlari mohiyatini chuqurroq his qilishiga xizmat qiladi.
Gullarga burkandi Hazratning poyi
Tadbir nihoyasida hazratning taxti uzra birin-ketin yuksalib borayotgan alvon gulchambarlar kishini yanada hayratga soldi. Zero, shoirning o'zi aytganidek, bu “yaxshi kishlarning hayratlanishi”ga qiyos. Mutasaddi tashkilotlar vakillari, navoiyshunoslar, buyuk ajdodidan bemisl faxr hissini tuyib turgan yigit-qizlarning bari Navoiy poyida ta'zim ayladi, hazratga nafaqat jisman, qalban ham yaqin kelganidan shodumon bo'ldi.
Go'zal diyorimiz tuprog'ida bo'y cho'zgan alvon gulu chechaklarga boqar ekanmiz, Navoiy ijodi shu gullardek ko'zni quvnatib, dilga farax baxsh etajagini yana bir bor his qildik.
Nazarimda ularning bari Hazrat poyiga bu gal ma'naviy poklanish, qalb tozarishi neligini anglash niyatida kelgandek. Hazrat poyida ming bir hayajon bilan she'r o'qigan yosh shoira Kumush Abdusalomovaning dil so'zlari barchaning dilida charx urgan bo'lsa, ne ajab:
O'zim bilmay qoldim yurib keldimmi,
Beixtiyor xayol surib keldimmi.
Poyingizga men ulgurib keldimmi
Assalom hazratim, Navoiy bobom!
Navoiyxonlik tadbirlari davom etadi
Adiblar xiyobonidagi 25 nafar adibga o'rnatilgan haykallar poyida ham navoiyxonlik tadbirlari davom etdi. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi hamda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Navoiy va Sharq Renessansi” nomli xalqaro simpozium tashkil etildi.
Tadbir doirasida Alisher Navoiy ijodiga oid kitoblar ko'rgazmasi, badiiy adabiyotlar yarmarkasi, shu bilan birga, shoir nomidagi davlat adabiyot muzeyi hamda O'zbek tili va adabiyoti universitetida adabiy-ma'rifiy tadbirlar va gul qo'yish marosimlari o'tkazildi.
Munojat Mo'minova