Xabaringiz bor, 2021-yilning 16-oktyabr kuni davlatimiz rahbari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida mutasaddilarga Yuqori Chirchiq tumanidagi Astrum IT akademiyasi faoliyatiga doir bir qancha topshiriqlar bergan edi.Biz uchun yoshlar siyosati – birinchi oʻrinda. Bu yerda iqtidorli, bilimli bolalar oʻqiydi. Ularga zamonaviy, erkin sharoit yaratish kerak. Uyi ham, ovqatlanishi ham, sporti ham, dam olishi ham shu yerda boʻlishi zarur. Davlat tashkilotlari, sanoat korxonalarining buyurtmalarini shakllantirib, bu mutaxassislarni ish bilan taʼminlash muhim», – degan edi jumladan Prezidentimiz.

Mutasaddilarga shu yerda yoshlar uchun kovorking markaz, turar joy barpo etish boʻyicha koʻrsatma ham berilgandi.Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev bugun mazkur akademiyada boʻlib, uning faoliyati, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan birma-bir tanishdi.Ikki qavatli bino zamonaviy jihozlangan, 700 dan ortiq kompyuter bilan taʼminlangan. Akademiya taʼlim va ishlab chiqarishni qamrab olgan klaster maqomida boʻlishi rejalashtirilgan.

Bu yerda yoshlar avval dasturlashni oʻrganib, keyin shu sohada ishlaydi. Ularning oʻzlashtirishini “sunʼiy intellekt” baholab boradi. Viloyat yetaksichi akademiya yoshlari bilan muloqot qildi. Ularning intilish va qiziqishlarini, umid va maqsadlari, takliflariga quloq tutdi.

Shuningdek, Zoyir Mirzayev akademiya faoliyati bilan bogʻliq istiqboldagi loyihalar bilan tanishish asnosida qurilish loyihalarida aks etgan oshxona, yotoqxona, universitet, yoshlar markazi, sport kempleksi, suv havzalari singari obyektlar yuzasidan oʻz fikr va tavsiyalarini bayon etdi.

Gulichehra DUURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri