Atmosferani ifloslantirgan 117 nafar mansabdor shaxsga chora ko‘rildi

    Ular qurilish chiqindilari va boshqa chiqindi turlarini yoqish, shuningdek, dala va aholi punktlarida xazon, shox-shabbalarga oʻt qoʻyish kabi huquqbuzarliklarni sodir etishgan.

    Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi tomonidan atmosfera havosini muhofaza qilish talablarining buzilishiga qarshi doimiy nazorat reyd tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.

    Reyd davomida oʻtgan 9 oy ichida jami 1 356 nafar fuqaro tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgani maʼlum boʻldi. Xususan, huquqbuzarlarning 117 nafari mansabdor shaxslar ekanligi aniqlandi. Ular qurilish chiqindilari va boshqa chiqindi turlarini yoqish, shuningdek, dala va aholi punktlarida xazon, shox-shabbalarga oʻt qoʻyish kabi huquqbuzarliklarni sodir etishgan.

    Holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 88-moddasiga muvofiq maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlar jami 332 million soʻm miqdorida jarimaga tortildi.

    Maʼlumot uchun, atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzishga qarshi reyd tadbirlari davom ettirilmoqda. Bu kabi huquqbuzarliklar qonuniy javobgarlikka sabab boʻladi.