Hujjat Prezidentning 7.02.2019-yildagi “2019-2029-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4165-son qarori ijrosini taʼminlash doirasida ishlab chiqilgan.
Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga, shuningdek ushbu sohada faoliyat yurituvchi boshqa yuridik shaxslarga obyektlar va oʻtkaziladigan ishlar xavfsizligini taʼminlash sharti bilan Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan beriladi.
Litsenziya faqat yuridik shaxslarga cheklanmagan muddatga beriladi.
“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning (9.09.2019-yildagi OʻRQ-565-son) 20-moddasiga muvofiq ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning quyidagi faoliyat turlari litsenziyalanadi:
- yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini barpo etish hamda ulardan foydalanish;
- radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga litsenziya berishda quyidagilar asosiy shartlar hisoblanadi:
- atom energiyasidan foydalanish obyektlari va (yoki) ushbu sohadagi faoliyat xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizaning ijobiy xulosasi mavjudligi;
- radiatsiya taʼsirida yetkazilgan zararni qoplash uchun moliyaviy taʼminot mavjudligi;
- atom energiyasidan foydalanish obyektining barcha bosqichlarda toʻliq xavfsizligini taʼminlash maqsadida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning moliyaviy barqarorligini asoslash.
Boshqa yuridik shaxslarning quyidagi faoliyat turlari litsenziyalanadi:
- yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlarini loyihalashtirish hamda qurish, radiatsiyaviy manbalardan foydalanish;
- yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlari, radiatsiyaviy manbalar uchun uskunalarni konstruksiyalash hamda tayyorlash;
- atom energiyasidan foydalanish obyektlari va (yoki) ushbu sohadagi faoliyat xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertiza oʻtkazish;
- radioaktiv chiqindilar va yadroviy materiallar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish, shu jumladan ulardan foydalanish, ularni transportda tashish va saqlash;
- radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish, shu jumladan ularni qayta ishlash, transportda tashish, saqlash va koʻmib tashlash;
- atom energiyasidan foydalanish obyektlarida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
- yadroviy qurilmalarni va (yoki) saqlash punktlari uchun yadroviy materiallar, uskunalar hamda texnologiyalarni olib kirish va olib chiqish;
- atom energiyasidan foydalanish sohasida xizmatlar koʻrsatish;
- atom energiyasidan foydalanish obyektlarini ishlatish uchun zarur boʻlgan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
Litsenziatning arizasini koʻrib chiqqanlik uchun 4 BHM miqdorida yigʻim undiriladi. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza olingan kundan boshlab 30 kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi lozim, bunda xavfsizlik ekspertizasi oʻtkaziladigan muddatlar hisobga olinmaydi.
Litsenziya berganlik uchun 10 BHM miqdorida davlat boji undiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 29.10.2020-yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova