Vazir A.Toshqulov olib borgan onlayn formatdagi yig'ilishda tizimdagi 3400 dan ortiq mas'ullar, xususan, OTM rektor va filial direktorlari, prorektorlar, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo'limi (boshqarma) boshliqlari, fakul`tet dekanlari, kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Unda 2021 - yilda ilmiy sohada olib borilgan ishlar natijasi, jumladan, ilmiy yutuqlar va kamchiliklar tahliliy-tanqidiy muhokama qilindi. Shuningdek, sohani yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha takliflar o'rtaga tashlanib, o'zaro fikr almashildi.
Dastlab vazir davlatimiz rahbari hamda hukumat tomonidan ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish bo'yicha belgilab berilgan topshiriqlarning bajarilish holatini tahlil qilib va o'tgan vaqt mobaynida erishilgan yutuqlarga to'xtalib o'tdi.
So'nggi 3 yilda ilmiy darajali pedagoglar ulushi respublika bo'yicha 37,2 foizdan 39,3 foizga o'sdi.
2021 - yilda 204 ta fan doktori (DSc), 1521 ta falsafa doktori (PhD) himoyasi bo'ldi. Bunda himoyalar bo'yicha 2020 - yilga nisbatan o'sish tegishincha 21% va 44% oshganligini ko'rsatmoqda.
Bugungi kunda, respublikaning 11 ta oliy ta'lim muassasasida ilmiy salohiyat 50 foizdan yuqori.
Jumladan, 2021 - yil va 2022 - yilning o'tgan davrida O'zbekiston milliy universiteti – 163 ta, Toshkent davlat pedagogika universiteti – 127 ta, Samarqand davlat universiteti - 98 ta, Buxoro davlat tibbiyot instituti – 71 ta, Termiz davlat universiteti – 66 ta, Toshkent moliya instituti – 65 ta dissertatsiyalar himoyalari o'tkazilgan.
Shuningdek, yig'ilishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda ayrim oliy ta'lim muassasalari mas'ullarining sohadagi sustkashliklari hamda yo'l qo'ygan kamchiliklari ham tanqid qilindi. Jumladan:
Vazirlik topshiriqlari ijrosi yuzasidan 2021 - yildagi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektorlar faoliyati natijalari 7 ta mezon asosida tahlil qilinganda, 23 ta OTM ilmiy ishlar, innovatsiyalar hamda xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektorlar o'z vazifasiga jiddiy yondashmaganligi, mas'uliyatsizlik qilganligi, bu borada birorta ham oliy ta'lim muassasani namuna sifatida ko'rsatib bo'lmasligi afsus bilan tilga olindi.
Eng kam dissertatsiya himoyalari bo'lgan oliy ta'lim muassasalari sifatida Andijon mashinasozlik instituti (12 ta), Samarqand veterinariya meditsinasi instituti (12 ta), O'zbekiston davlat konservatoriyasi (4 ta), O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti (3 ta) sanab o'tildi.
Bundan tashqari, 2021 - yilda oliy ta'lim muassasalari uchun davlat byudjetidan ajratilgan mablag'larni samarali o'zlashtirilmagani tanqid qilindi.
– Shu narsaga amin bo'lyapmizki, shu oliy ta'lim muassasalari davlat byudjetidan ajratilgan mablag'larni samarali o'zlashtirmagani uchun ham ularda ilmiy salohiyat past, – dedi A.Toshqulov.
Jizzax politexnika instituti (17,6%), Nukus davlat pedagogika instituti (16,6 %), Milliy rassomlik va dizayn instituti (15,4%), O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (12,5%), Chirchiq davlat pedagogika instituti (2,8%)da esa o'z muddatida himoya qilish ko'rsatkichi o'rtacha 20% dan past ekanligi tanqid qilindi. OTMda 2021 - yilda «Scopus» xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar soni 100 nafar professor-o'qituvchilarga nisbatan tahlil qilinganda bu ko'rsatkich o'rtacha 6,5 ni tashkil etgan.
Bunda, 4 ta (O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti – 0,9; Andijon davlat tibbiyot instituti – 0,7; Samarqand iqtisodiyot va servis instituti – 0,5; Nukus davlat pedagogika instituti – 0,4) oliy ta'lim muassasasida bu ko'rsatkich 1 ga ham etmasligi alohida ta'kidlandi.
Eng achinarlisi, 64 ta oliy ta'lim muassasasida «Scopus» xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda birorta ham maqola chop etilmagan.
32 ta oliy ta'lim muassasalari va filiallarda davlat dasturi doirasidagi ilmiy loyihalardan moliyaviy tushumlar bo'lmagan hamda 27 ta oliy ta'lim muassasasida 2021 - yil davomida birorta ham xo'jalik shartnomalar bajarilmagan.
Shundan so'ng so'zga chiqqan vazirning fan va innovitsiyalar bo'yicha o'rinbosari R.Hakimov 2022 - yilda doktoranturaga qabul kvotasi soni 2021 - yilga nisbatan 100 foizga oshirilib, oliy ta'lim muassasalarida jami 2784 ta (2604 ta PhD, 180 ta DSc) hamda stajyor-tadqiqotchilikka 360 ta kvota ajratilgani haqida ma'lumot berdi.
Qayd etilganidek, 2021 - yilda «Scopus» xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda jami 4361 ta maqola chop etilgan. Ammo shundan 972 ta (22%) ilmiy maqola indeksatsiya qilinmagan, ya'ni yirtqich (xishnik) jurnallarda chop etilgan.
Shuningdek, yig'ilish davomida barcha hududlarda ilmiy tadqiqot bilan shug'ullanayotganlarni turar-joylar bilan ta'minlash, ilmiy faoliyat bilan mashg'ul yoshlarni munosib rag'batlantirish mexnizmini ishlab chiqish, rektorlar har chorakda kamida bir marotaba shaxsan doktorantlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ular muammolarini hal qilish tizimini yo'lga qo'yish takliflari bildirildi.
Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish orqali ilmiy salohiyatni oshirish mumkinligi alohida ta'kidlandi.
Yig'ilish yakunida barcha mas'ullarga ko'tarilgan masalalar bo'yicha amalga oshiriladigan aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.
Bundan buyon yiliga 2 marotaba ana shunday formatda yig'ilib, natijalar bo'yicha OTM rahbarlari faoliyatiga baho beriladi va ular uchun zarur xulosalar chiqariladi.