Bu Hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda belgilandi.

Qarorga koʻra, sanoat korxonalarining atrof tabiiy muhitga taʼsirini kamaytirish harakatlari quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:

1-bosqichda — atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyasini (monitoring stansiyasi) oʻrnatgan sanoat korxonasiga:

  • tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechiladi;
  • tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 50 foizi 2-yil davomida qaytariladi;

2-bosqichda — monitoring stansiyasini oʻrnatgan sanoat korxonasi kelgusi 1-yil davomida chang-gaz va lokal oqova suv tozalash uskunalarini oʻrnatganda, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining 70 foizi 2-yil davomida qaytariladi.

Sanoat korxonasi monitoring stansiyasi, chang-gaz va (yoki) lokal oqova suv tozalash uskunasini oʻrnatgani toʻgʻrisida Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali Ekologiya qoʻmitasiga xabarnoma yuboradi.

Xabarnoma va unga ilova qilingan hujjatlar Ekologiya qoʻmitasi tomonidan xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab 15 ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqiladi.

Oʻrganib chiqish natijasi boʻyicha sanoat korxonasini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida Ekologiya qoʻmitasining xulosasi rasmiylashtiriladi.