Atrofimizdagi yaxshi narsalarni ham koʻra bilsak boʻldi...

    Fikr 24 Oktabr 2025 531

    Xitoyda bir video rosa mashhur boʻldi. Unda maktab oʻquvchilari skuterda ketayotib, bexosdan yoʻl chetida turgan mashinaning yon tomonini chizib yuborishgani, kutilganidek qochib ketmasdan, bu voqeadan bexabar boʻlgan mashina egasi oldiga kelib, undan uzr soʻrashgani aks etgan...

    Shu lavhani koʻrib, yaqinda poytaxtimizdagi TTZ bozorida boʻlgan voqea esimga tushdi: chamasi oʻn yoshlar atrofida yelkasiga sumka osgan oʻquvchi bola bozorga kirishdagi yoʻlakda olma sotayotganlarning oldidan oʻtib ketayotib, shoshilganidanmi, olma turgan qutini bexosdan turtib yubordi. Olmalar yerga dumaladi. Bolakay tezda ortiga qaytib, olmalarni qutiga tera boshladi. Sotuvchi telefonda gaplashayotgani uchun, vaziyatga eʼtiborsiz qaradi va suhbatida davom etdi. Bolaga noqulay boʻldi, shekilli, sotuvchi qoʻngʻiroqlashib boʻlishini kutib turdi. Sotuvchi bolaga qarab, “nima kerak...?” degandek yuzlandi. Bolakay biroz kalovlanib turdi-da, “olma qutisini bilmay turtvordim, uzr. Kerak boʻlsa yerga tushib ketganlarining pulini beraman”, deb choʻntagidan biroz gʻijimlangan ikki ming soʻmliklarni chiqardi (bori shu boʻlsa kerak). Sotuvchi pullarga qarab, jilmaydi-da, “kerakmas” degandek qoʻlini siltadi.

    Bu voqeani koʻrib, bolakayga, uning tarbiyasi, madaniyatiga havasim keldi. Sotuvchining ham bagʻrikengligi tahsinga loyiq. Vaziyat boshqacha boʻlishi ham mumkin edi. Masalan, bolakay toʻkilgan olmalarni termasligi, oʻzining qilgan ishidan hijolat tortmasligi, sotuvchi bu holatdan asabiylashishi, baqirishi mumkin edi... Unday boʻlmadi, bu holat nafaqat bolakay va sotuvchining qalbida iliqlik paydo qildi, balki atrofdagilar uchun saboq boʻldi. Harqalay, “millatimiz baribir zoʻr...” dedim oʻzimga oʻzim. Faqat yaxshisini ham koʻra bilsak boʻldi...

    Salim Doniyorov facebook sahifasidan olindi