Brifingda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari Xurshid Rahmatullayev aholidan tushayotgan murojaatlar bilan ishlash tizimi haqida maʼlumot berib oʻtdi.

Bugungi kunda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan fuqarolar bilan muloqotni yana-da rivojlantirish maqsadida barcha ijtimoiy tarmoqlarda sahifa va guruhlar tashkil etilgan. Ular orqali kelayotgan murojaatlar tez fursatda koʻrib chiqilib, muammolarni hal qilish darajasiga koʻra bartaraf etilmoqda.

2021-yil yanvar oyi boshida Telegramda ochilgan @uzsuvchat guruhi qisqa vaqt ichida tez ommalashdi va hozir 1,6 mingdan ortiq aʼzolariga ega. Unga viloyat, tuman va shahar suv taʼminoti jamiyatlarining masʼul vakillari biriktirildi. Ushbu guruhga respublika boʻyicha kuniga 500 ga yaqin murojaatlar kelib tushmoqda.

Facebook dagi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ guruhida ham murojaatlar onlayn qabul qilinib, tez va ijobiy hal etilmoqda. Oʻtgan yil dekabr oyining oʻzida 200 ga yaqin murojaat koʻrib chiqilib, koʻtarilgan muammolar hal etilib, takliflar eʼtiborga olingan.

Shuningdek, ilk marta respublika boʻyicha “1255” yagona qisqa raqami ishga tushirildi. Mazkur raqamga kuniga 1 000 ga yaqin murojaatlar, muammolar, takliflar aksiyadorlik jamiyati hamda hududiy MCHJlar rahbar va mutaxassislari tomonidan tuman va mahallalar kesimida murojaatchilar bilan bogʻlangan holda oʻrganilib, ijobiy hal qilinyapti.

Bundan tashqari, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish uchun Telegram messenjerida 24 soat “onlayn” boʻladigan dispetcherlik guruhi yoʻlga qoʻyildi. Barcha rejali va kutilmagan uzilishlar hamda ularni bartaraf etish muddatlari operativ ravishda yoritib kelinyapti.

Yana bir muhim jihat, tez kunlarda avariyalarni bartaraf etishda operativ munosabatni oshirish maqsadida “Suvni asra” mobil ilovasi ishga tushiriladi. Hozirda Play Market va Apple Storeda tekshiruvdan oʻtyapti. Uning afzalligi shundaki, avariya aks etgan nuqtani rasmga olib, mobil ilova yordamida joʻnatilsa, mutaxassislar GPS tizimlari orqali oʻsha nuqtaga tez yetib boradi, deb xabar beradi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ matbuot xizmati.