Unda aytilishicha, fuqaro Navoiy shahrida joylashgan aviakassadan joriy yilning 13 iyul kuni “Toshkent – Krasnodar” yo'nalishi bo'yicha 4 million 100 ming so'mga bilet olgan, ammo unga aeroportda COVID-19 ga qarshi emlanmagani  sababli uchishga ruxsat berilmagan. Shundan so'ng fuqaro aviabiletni aviakassaga topshirgan bo'lsada, chipta uchun to'langan pul turli vajlar bilan qaytarib berilmagan.

Mazkur murojaat Federatsiyaning Navoiy shahar jamiyati xodimlari tomonidan o'rganilishi natijasida aviabilet uchun to'langan 4 million 100 ming so'm miqdoridagi pul mablag'i iste'molchiga qaytarib berildi.

Yana bir murojaat Buxoro viloyati Kogon shahrida yashovchi fuqaro R.I. tomonidan kelgan bo'lib, unda iste'molchi tuman markazida joylashgan maishiy texnikalar do'koniga bankdan pul o'tkazish orqali 9 million 500 ming so'm evaziga  kir yuvish mashinasi va qo'l telefoni xarid qilgani, biroq do'kon xodimi iste'molchiga o'zi tanlagan maishiy texnika vositalarini etkazib bermaganidan norozi ekanini aytib o'tgan.

Mazkur murojaat Federatsiyaning Kogon shahar jamiyati  xodimlari tomonidan o'rganilib, maishiy texnika vositalari boshqasiga almashtirib berildi.

Shuningdek, Buxoro shahar S.Murodov ko'chasida yashovchi fuqaro A.A. o'z murojaatida  joriy yilning iyun oyida 5 million 800 ming so'm evaziga 2 ta “Akfa plast” romini buyurtma qilgan va 3 million 180 ming so'm miqdorida oldindan to'lovni amalga oshirgan. Ammo romlar iste'molchi xohlagandek sifatli chiqmagan, o'lchamlari esa to'g'ri kelmagani sababli usta-tadbirkordan to'lagan pulini qaytarib berishini so'raganida u turli bahonalar bilan pulini qaytarib bermaganini aytib o'tgan.

Mazkur murojaat ham o'rganilishi natijasida akfa-romlari uchun to'langan mablag' iste'molchiga qaytarilishiga erishildi.