Avstriyada bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga!

    Dolzarb 16 Noyabr 2020 766

     Avstriyada Sovid-19 koronavirusining keng tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida joriy yil 17 noyabrdan 6 dekabrgacha karantin choralari kuchaytirildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

    O‘zbekistonning Vena shahridagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, Avstriya hukumati pandemiya holatining keskin yomonlashuvi sababli karantin choralarini kuchaytirish va to‘liq karantin (lokdaun) qoidalarini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

    Yangi qoidalarga muvofiq, mamlakat bo‘ylab kundalik ehtiyoj mahsulotlari do‘konlari, pochta aloqasi shoxobchalari, banklar va dorixonalardan tashqari yirik savdo-ko‘ngilochar markazlar va xizmat ko‘rsatish korxonalari yopiladi. Universitetlar va maktablar masofadan o‘qitishga o‘tmoqda. Shuningdek, aholining harakatlanishini cheklash choralari kuchaytirilmoqda, uydan uzrli sababsiz chiqish taʼqiqlangan. Aholi ijtimoiy aloqalarni minimal darajada kamaytirishga daʼvat etilmoqda.

    Shuningdek, 3 noyabr kunidan eʼtiboran mamlakatda soat 20.00 dan 6.00 gacha komendantlik soati joriy qilingan, restoran, mehmonxona, teatr, muzey va kinoteatrlar faoliyatiga cheklovlar kiritilgan edi.

    Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi 7 kun ichida Avstriya dunyoda 1 million aholi orasida karanavirusni yuqtirish bo‘yicha 831 ta holat bilan birinchi o‘ringa chiqib oldi. So‘nggi bir hafta ichida mamlakatda har kuni o‘rtacha 7 mingdan ortiq kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilmoqda.

    Shu munosabat bilan, O‘zbekiston elchixonasi Avstriyada bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan barcha vatandoshlarimizdan yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda yangi karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqiradi.