Avtomashinani olib qochgan yigitlar qoʻlga olindi

    Andijon viloyati. 2023-yil 06-avgust kuni soat 03:00 larda noma’lum shaxs Ulug‘nor tumani Tinchlik ko‘chasida 30 yoshli K.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan «Nexia-2» rusumli avtomashinani olib qochib, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashiringan.

    Olib borilgan tergov-tezkor ishlar natijasida, mazkur jinoyatni 18 yoshli U.O. voyaga yetmagan sheriklari 17 yoshli O.A. va 16 yoshli M.A.lar bilan sodir qilganliklari aniqlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Ulug‘nor tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan U.O. O.A. va M.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi “b” bandi (uyushgan guruh tomonidan transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar prosessual tartibda ushlangan.

    Jinoyat ishi doirasida holatga oydinlik kiritilganda, yuqoridagi shaxslar shu kuni soat 01:00larda Ulug‘nor tumani Bog‘i eram ko‘chasida joylashgan uylarining kirish eshigi oldida qarovsiz qoldirilgan “Lacetti” rusumli avtomashinani olib qochish maqsadida avtomashinaga o‘tirib, uni o‘t oldirayotgan vaqtida avtomashina egasi chiqib qolishi natijasida jinoyatni o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetkaza olmay voqea joyidan yashiringanliklari ma’lum bo‘lgan.

    Shundan so‘ng ular jinoiy harakatlarini davom ettirib, 30 yoshli K.A. ning «Nexia-2» rusumli avtomashinasini olib qochgan, transport vositasida “Katta Farg‘ona” magistralida harakat qilib kelayotgan vaqtlarida boshqaruvni eplay olmay yo‘l transport hodisasini sodir etganliklari, hodisa bo‘lgan joyidan yashirinmoqchi bo‘lganlarida ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.

    Hozirda, U.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 127-moddasi 3-qismi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish), 25,267-moddasi 2-qism “b,g” bandlari va 267-moddasi 2-qism “a,b,g” bandlari, voyaga yetmagan O.A. va M.A.larga esa 25,267-moddasi 2-qism “b,g” bandlari va 267-moddasi 2-qism “a,b,g” bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, barchasiga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

    Tergov harakatlari davom etmoqda.