Davlat xizmatlarini ko'rsatishda aholiga yanada qulayliklar yaratish va ortiqcha sansalorliklarga barham berish maqsadida joriy etilayotgan mazkur tartib Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi “O'zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o'z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida belgilangan.
Unda keltirilishicha, 2024 yil 1 yanvardan boshlab aholiga yo'l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini ko'rsatishda, shu jumladan, avtomototransport vositalarini davlat ro'yxatidan o'tkazishda avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlarni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olish amaliyoti yo'lga qo'yiladi va ariza beruvchilardan mazkur hujjatlar talab qilinmaydi.
Qolaversa, 2024 yil 1 martdan boshlab notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan, chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog'liq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga o'tkazishdan tashqari) elektron raqamli imzodan foydalanib, videokonferentsaloqa orqali rasmiylashtirish tartibi yo'lga qo'yiladi.