Notarius xizmatlari uchun komissiya toʻlovlari miqdori oʻzgardi

    Adliya vaziri buyrugʻi bilan quyidagi notarial xizmatlar uchun toʻlovlarning maksimal miqdori oshiriladi.

    Adliya vazirining buyrugʻi (20.02.2025-y. AV roʻyxat raqami 3235-5-son) bilan notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarning maksimal miqdorlariga oʻzgartirishlar kiritildi (29.05.2020-y. AV roʻyxat raqami 3235-son).

    Xususan, quyidagi xizmatlar uchun komissiya toʻlovlari miqdori oshirildi:

    • koʻchmas mulk va avtotransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha maslahat berish, shuningdek ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlash – BHMning 10 foizidan 15 foizigacha;
    • notarial tasdiqlangan shartnomalarni tayyorlash:

    -koʻchmas mulkni oʻtkazish boʻyicha – BHMning 20 foizidan 30 foizigacha;

    -garov (ipoteka) va lizing (jismoniy shaxslar uchun yoki bir tomoni jismoniy shaxs boʻlsa) – BHMning 15 foizidan 25 foizigacha.

    Notariuslar tomonidan bajariladigan qoʻshimcha yuridik va texnik harakatlar uchun undiriladigan boshqa komissiya toʻlovlari miqdorlari bu yerda.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 19.02.2025-yildan kuchga kirdi.