Notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi

    2026-yil 1-martdan nizosiz talablar boʻyicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi.

    Bu haqda Prezidentning “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–280-son, 09.09.2025-y.)da belgilandi.

    Qarorga koʻra, BHMning 1 000 baravarigacha boʻlgan quyidagi nizosiz talablar boʻyicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi:

    • notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
    • yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab;
    • ijara toʻlovlari, koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badal va toʻlovlar, kommunal va aloqa xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talablar.

    Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan Oʻzbekistonda notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi.

    Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra notarius oʻz roziligi bilan ish faoliyatini 70 yoshgacha amalga oshirishi mumkin.