Hujjat Prezidentning 2020-yil 5-iyuldagi PF-6005-son “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Xususan, Nizomning 7-bandida endi aniqlashtirilishicha, avtotransport vositasini qaytarib olib chiqishda majburiyatnoma tuziladi, u “Avto” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kirish bojxona posti xodimi tomonidan davlat, rus va ingliz tillaridan birida chop etiladi hamda xorijiy avtotransport vositasining egasiga beriladi.

Nizom quyidagi mazmundagi 121-band bilan toʻldirildi:

“Vaqtincha olib kirish muddati tugashidan oldin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan xaydovchi bojxona organiga avtotransport vositasini vaqtincha saqlash uchun yozma yoki elektron tarzda murojaat qilgan taqdirda, ushbu avtotransport vositasi bojxona organi tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun 16-bandda koʻrsatilgan yigʻim toʻlanmaydi, bundan avtotransport vositasini saqlash bilan bogʻliq harajatlar mustasno hisoblanadi”.

17-bandning yangi tahriri endi vaqtincha olib kirish muddati tugashidan oldin ushbu muddatni uzaytirish uchun xorijiy avtotransport vositasining egasi belgilangan muddat tugashidan avval xorijiy avtotransport vositasi turgan joydagi bojxona postiga muddatni uzaytirishni soʻrab yoki elektron tarzda masofadan toʻlovlarni amalga oshirgan holda real vaqt rejimida murojaat qilishi zarurligini nazarda tutadi. Murojaatga 16-bandda nazarda tutilgan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasini ilova qilish lozim. Tegishli bojxona posti muddatni yigʻim qancha muddat uchun toʻlangan boʻlsa, shuncha muddatga uzaytiradi va “Avto” tizimida uning muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi axborotni kiritadi.

Qarorda Nizomga boshqa oʻzgartirishlar ham nazarda tutilgan.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 26.01.2021-yildan kuchga kiradi.

Lola Abduazimova