Poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT park) zamonaviy texnik infratuzilma, moliyaviy va ilmiy yordamdan foydalanish mumkin bo'lgan makon sifatida barpo etilgan.

Parkda axborot, moliya texnologiyalari, logistika, elektron tijorat, elektron ta'lim, biotexnologiya va boshqa yo'nalishlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.

Ayni kunlarda bu erda mamlakat axborot texnologiyalari sohasining markaziga aylanishi kutilayotgan yangi IT shahar majmuasi qurilyapti. IT parkning dastlabki ikkita binosi foydalanishga topshirilgan. Ularda zamonaviy qulayliklar yaratilib, istiqbolli startap loyihalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha inkubasiya va akselerasiya dasturlari tashkil etilgan. Shaharcha qurilishi 2022 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu erda bosqichma-bosqich o'n ettita imorat, jumladan, yigirma-yigirma besh qavatli ofis binolari, yigirma ikki qavatli mehmonxona, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi va boshqa ob'ektlar barpo etiladi. Jumladan, “Aloqabank”, “O'zbektelekom”, Ucell, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidenti Revotech ofisi joylashadi. Inshootlar to'qqiz balldan yuqori zilzilaga chidamli bo'ladi. Er ostida uch qavatli avtoturargoh quriladi. Majmua hududida kafe va restoran, do'kon, sport maydonlari, dam olish joylari ham bo'ladi.

— Bu sa'y-harakatlarning barchasi yagona axborot texnologiyalari jamiyatini barpo etish, iste'dodli yoshlarni jamlash, ularga imkoniyat berish, innovasiyalarni joriy etish maqsadida qilinmoqda, — deydi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi rahbari Farhod Ibrohimov. — Mamlakatimizda bunday markazlar faoliyati yo'lga qo'yilayotgani bejiz emas. Bu har bir kishi o'qib-o'rganishi, axborot texnologiyalari dunyosiga qo'shilishi va, eng muhimi, bu orqali pul ishlash imkoniyatiga ega bo'lishi uchun amalga oshirilmoqda. Zero, bu real daromad manbai, iqtisodiyot va eksportni rivojlantirishning eng qisqa va samarali yo'li hisoblanadi.

Startaplar ekotizimi

Yurtimizdagi startaplarning asosiy qismi axborot texnologiyalari sohasi bilan bog'liq. Moliyaviy texnologiyalar yo'nalishi mamlakatimizda yaxshi rivojlanyapti. Paynet, Payme, Click kabi elektron to'lov platformalari ommalashib ketgani bunga misol. Demak, bunday loyihalarga talab, ehtiyoj bor. Ammo hali startap ekotizimini rivojlantirish borasida ko'plab ko'rsatkichlarga e'tibor qaratilishi lozim. Zero, O'zbekistonda to'laqonli biznesga aylana olgan startaplar hozircha nihoyatda kam. Bori ham, asosan, mahalliy iste'mol bozoriga mo'ljallangan.

Ayni paytda texnopark tomonidan barcha startap g'oyalar, loyihalar kichik va o'rta biznes hamda startap ekotizimini rivojlantirish uchun yaratilgan inkubasiya hamda aktselerasiya dasturining bir qismi sifatida qo'llab-quvvatlanmoqda. Axborot texnologiyalari parki loyihasi g'oyasini to'laqonli tijoriy mahsulotga aylantirishga qaratilgan inkubasiya va aktselerasiya dasturlari amalga oshirilmoqda.

Bunday dasturlarning joriy yilda bo'lib o'tgan ikkinchi davrasida ishtirok etish uchun bir yuz etmishta ariza kelib tushdi. Ulardan maslahat kengashi tomonidan yigirma uchta, inkubasiya dasturi uchun to'qqizta va aktselerasiya dasturi uchun o'n to'rtta startap loyiha tanlab olindi.

— Hozirgi kunda inkubasiya va aktselerasiya dasturlari onlayn rejimga o'tkazilgan, — deydi Farhod Ibrohimov. — Hindistonning iCreate kompaniyasi bilan hamkorlikda startaplar uchun ochiq onlayn ma'ruzalar ham o'tkazilmoqda. Shuningdek, moliyalashtirish jarayonini oydinlashtirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Har bir yangi loyiha taqdimotini o'tkazish uchun imkoniyat yaratilgan, ularga ishonch bildirib, moliyalashtirishni yo'lga qo'yishimiz kerak.

Axborot texnologiyalari akademiyasi

Axborot texnologiyalari infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish davr talabidir. Texnopark aholining barcha qatlami uchun qulay bo'lgan sifatli ta'limga katta e'tibor qaratmoqda. Axborot texnologiyalari sohasida zarur ko'nikmalarga ega bo'lishi va o'z o'rnini topishi uchun yigit-qizlarga barcha zarur shart-sharoit yaratilgan, o'quv markazlari hamda ta'lim loyihalari yo'lga qo'yilgan. Masalan, akademiya kattalar va bolalar uchun dasturlash kurslarini taqdim etadi. Ularga barcha zarur ko'nikmani o'rgatadi, axborot texnologiyalari sohasidagi kelgusi ishlari uchun foydali bilimlarni beradi. Axborot texnologiyalari akademiyasi talabalarga veb dasturlash, foydalanuvchi interfeysi dizayni va ma'lumotlar bilan ishlashda kutilgan kasbiy mahoratga ega bo'lish imkonini beruvchi ta'lim muassasasidir.

— Akademiyaning asosiy maqsadi — ta'lim maydonini mijozlar va natijalarga yo'naltirish, — deydi Farhod Ibrohimov. — Talabalar uslub va muammolarga yangicha qarashga ega bo'lgan holda o'quv dasturini yakunlaydi. Natijada yangi ish o'rinlari, egallab turgan lavozimlarida esa yuqorilash va boshqa ko'plab yangi imkoniyatlarga erishadi.

Bugungi kunda Axborot texnologiyalari akademiyasida bir qancha o'quv kurslari tashkil etilgan. Shulardan biri Frontend dasturchi kursidir.

Bunda HTML/CSS yordamida oddiy saytlarni ishlab chiqish, JavaScript/React yordamida saytlar va ilovalar uchun foydalanuvchi interfeyslarni yaratish, freymvork yordamida server bilan ishlash va tayyor veb loyihalarni sinab ko'rish; Backend dasturchisi mashg'ulotidan so'ng esa animasiyali saytlar yaratish, ma'lumotlar bazalari bilan ishlashning asosiy tamoyillarini tushunish, izoh va qat'iy formatlangan kodni yozish mumkin.

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari akademiyasida ta'lim blogi bor. Unda etti oy ichida dasturiy ta'minotni ishlab chiqishning barcha ko'nikmalarini o'rganish, veb ilovalarni noldan yaratish va kasbiy mahoratni oshirish imkoni mavjud.

— Yurtimizda iqtidorli yoshlar juda ko'p. Biz axborot texnologiyalari xizmatlarini eksport qilish bilan shug'ullanmoqchimiz, Shuning uchun nafaqat katta miqdordagi inson kapitaliga, balki sifatli inson resurslariga ega bo'lishimiz kerak, — deydi Farhod Ibrohimov. — Axborot texnologiyalari mutaxassislariga talab har yili ortib bormoqda. Agar chet eldagi taniqli kompaniyalar yurtimizda o'z vakolatxonalarini ochishini va axborot texnologiyalari mahsulotlarini eksportga chiqarishni istasak, mutaxassislar soni va sifatini oshirishimiz shart.

Axborot texnologiyalari markazlarida o'qitiladigan yoshlarga kelgusida mustaqil ishlash imkoniyati beriladi. Ular mahalliy kompaniyalarning ham, xorijiy kompaniyalarning ham buyurtmalarini bajarishi mumkin. Bundan tashqari, axborot texnologiyalari parkining rezident kompaniyalarida amaliyot o'tashi va hatto doimiy ish bilan ta'minlanishi uchun imkoniyat yaratish ko'zda tutilgan.

Venchur fondlar bilan hamkorlik

Texnopark ayni paytda bir qator venchur fondlar bilan hamkorlik qilmoqda. Jumladan, TUZ Ventures va Sturgeon Capital fondlari juda faol hamkorlardandir.

TUZ Ventures bilan birga dastlabki bosqichdagi startapni qo'llab-quvvatlash uchun mamlakatda biznes ekotizimini yaratish maqsadida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, hamkorlikda O'zbekistonning startap ekotizimi borasidagi muammo va imkoniyatlarni o'rganish maqsadida mamlakatimizning barcha hududida tadqiqot olib borildi. Uning natijasida ikki yuzta startap dastur yig'ildi.

Ushbu tadqiqot nafaqat startaplarga, balki venchur fondlar, davlat tashkilotlari va tadqiqotchilarga ham taqdim etiladi. Ushbu loyihalar barcha mezonlarga javob bersa, TUZ Ventures sarmoya kiritishi ko'zda tutilgan.

YAna bir venchur fond — Sturgeon Capital esa Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida investitsiya imkoniyatlari ixtisoslashgan xususiy investitsiyaviy butik hisoblanadi. Investitsiya jamoasi London va Toshkent o'rtasida asoslangan tajribali mutaxassislardan iborat. Sturgeon asoschisi va raisi Klemente Kappello ko'p yillik tajribaga ega, Markaziy Osiyo va Kavkazga sarmoya kiritgan mutaxassis bo'lib, misli ko'rilmagan mahalliy tarmoqni yaratgan. Sturgeon Capital to'g'ridan-to'g'ri investisiyalarning ixtisoslashtirilgan o'zbek fondini taklif qiluvchi yagona investitsiya menejeri hisoblanadi.

— Sturgeon Capital bilan IT-park muntazam qiziqarli hamda istiqbolli loyihalar xususida fikr almashib kelmoqda — deydi Farhod Ibrohimov. — Kelajakda texnopark, shubhasiz, ushbu fond bilan hamkorlikni davom ettiradi va turli qo'shma loyihalarni tashkil etadi. Elektron bozor platformalari tizimini takomillashtirish, foydalanuvchilarning o'z loyihalarini ko'rsatish va platforma orqali buyurtma olib, pul topish imkoni ortadi.

Ayni paytda zamonaviy va talabgir o'quv dasturlarini joriy qilish va shu asosda yoshlarni kelajak kasbiga tayyorlash borasida izlanishlar olib borilmoqda. Navqiron avlod vakillariga o'z tajribalarini ulashadigan mentor, treker va tadbirkorlikda muvaffaqiyatga erishgan insonlarni jalb etgan holda axborot texnologiyalari hamjamiyatini shakllantirish texnoparkning eng ustuvor yo'nalishlardan biri sanaladi.