Axborot va matbuot sohasi vakillari bilan muloqotlarimiz muntazam davom etadi — Zoyir Mirzayev

    Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning viloyatdagi hududiy bosma nashrlar, mahalliy hokimliklar, boshqarma, korxona va tashkilotlarning Axborot xizmati rahbarlari bilan muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv avvalida viloyat yetakchisi Toshkent viloyatida axborot siyosati bilan bogʻliq muhitni keskin oʻzgartirish, qonunlar, davlat rahbarining qaror va farmonlari, hukumat hujjatlari ijrosini soʻzsiz taʼminlash maqsadida tizimda zudlik bilan amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalarga alohida toʻxtaldi.

    Xususan, Toshkent viloyati, shahar va tumanlar hokimliklarining rasmiy veb saytlarini amaldagi qonunchilikka muvofiq faoliyat yuritishini taʼminlash, ochiqlik siyosati bilan bogʻliq kunlik axborotlarga kengroq oʻrin berish lozimligi qayd etildi.

    Shulardan kelib chiqib, viloyat hokimligining Axborot kommunikatsiyalarni rivojlantirish markazi bundan buyon viloyat hokimining axborot siyosati boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi strukturasiga oʻtkazilgani maʼlum qilindi.

    Davlat rahbarining “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 4366-sonli qarori ijrosi muhokama qilindi. Uni bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan hudud rahbarlari va boshqarma boshliqlari ogohlantirilib, mavjud kamchiliklarni yil yakuniga qadar bartaraf etish vazifasi yuklandi.

    Muloqotda ommaviy axborot vositalari va blogerlarning sahifalarida eʼlon qilinayotgan tanqidiy materiallarga rasmiy munosabat bildirish, oʻzaro faol muloqot qilish mexanizmini qayta koʻrib chiqish zarurligi aytildi.

    Muloqotda soʻz olgan “Adabiyot ziyosi” gazetasi bosh muharriri, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Rahmatilla Sheraliyev, AOKA viloyat boshqarmasi boshligʻi Zarifa Eraliyeva, shuningdek, bir qator mahalliy nashrlar va axborot xizmatlari rahbarlari kun tartibiga oid masalalar yuzasidan oʻz fikr va takliflarini oʻrtaga tashladilar.

    Viloyat hokimligi axborot xizmatining “Zamon qahramoni” loyihasini boshlash taklifi maʼqullandi. Bu orqali davlat rahbari olib borayotgan islohotlarning Toshkent viloyatidagi ijrosini oddiy insonlar hayoti misolida yuksak badiiy shaklda yetkazib berish imkoniyati yuzaga kelishi urgʻulandi.

    Muloqot yakunida bunday uchrashuvlarni bundan buyon muntazam tashkil etib borishga kelishib olindi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.