Quyida inson miyasi, u maʼlumotlarni qanday qabul qilishi, shuningdek, bugungi axborot asrida qanday shakldagi maʼlumotlarni qabul qilish nisbatan foydali ekanligi toʻgʻrisida gaplashamiz.
Inson miyasi murakkab organ boʻlib, u maʼlumotlarni qabul qiladi, qayta ishlaydi va bizga shu maʼlumotni talqin qilib berish vazifasini bajaradi. Inson maʼlumotlarni sezgi oragnlari, yaʼni eshitish, taʼm, hid bilish, koʻrish va tegish orqali qabul qiladi. Keyingi jarayon olingan signallar miyaning axborotni qayta ishlaydigan va xulosa beradigan qismlarga yuboriladi. Shundan keyingina miya bizga keyingi harakatlarimiz haqida buyruq beradi. Bunga misol qilib derazani ochib, ob-havo qandayligi toʻgʻrisida maʼlumot olishni keltirishimiz mumkin. Deraza ochilganda sovuq yoki issiq havoni tananggiz his qiladi va shu orqali signal miyaga yetib boradi. Oʻz oʻrnida, miya axborotni qayta ishlaydi va sizga qalinroq kiyinish kerakligi toʻgʻrisida yoki aksincha xulosa beradi.
Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlarga koʻra, birgina misol tariqasida olimlar quyidagi faktni keltirishadi: insonning miyasi bir kunda oʻrtacha 34 gigabayt maʼlumot qabul qilar ekan. Bu bir kunda oʻqish mumkin boʻlgan yuz ming soʻzli matnga teng. “Axborot asri” deb atalayotgan bugungi davrda bu koʻrsatkich yildan-yilga oshib borishi shubhasiz. Yuqorida keltirilgan faktga biz kun davomida duch keladigan maʼlumotlar, yaʼni uchratgan yangi insonlarimiz, ularning tashqi koʻrinishi, radio, televideniye, jurnarlar yoki kitoblardan olgan axborotimizdan tashqari koʻcha-koʻyda koʻzimiz tushadigan reklama bannerlari va hokazolar ham kiradi. Xususan, ertalab uygʻongada ob-havo qandayligini bilish uchun derazamizni ochib, tashqariga nazar tashlab, bugungi havo haqida qilgan xulosamiz ham bundan chetda qolmaydi. Keling, endi tasavvur qilib koʻraylik, bir kunda taqriban shuncha maʼlumotni oʻziga sigʻdira oladigan miyamiz bir yilda qancha axborotni qabul qiladi? Oʻn yilda-chi? Bularning barchasi oxir-oqibat miyamizni toʻldirib qoʻyib, biz hech qanday maʼlumotni qabul qilolmaydigan boʻlib qolishimiz mumkinmi? Aslida bundan xavotir olmasak ham boʻladi. Chunki inson miyasi koʻrgan har bir maʼlumotni eslab qolmaydi. U, shunchaki, qabul qilgan informatsiyalarni filtrdan oʻtkazib saralaydi va bizga zarur boʻladigan maʼlumotlarni eslab qolishga harakat qiladi. Yaʼni biz koʻrgan barcha axborotningizni eslab qolmaymiz. Lekin bizda xotiramizni yanada kuchaytish imkoniyati ham yoʻq emas. Bunga yerishish uchun xotira bilan bogʻliq mashqlarni muntazam bajarishimiz kerak boʻladi. Shuning hisobiga kompyuter xotirasiga oʻxshab bizning xotiramizni tozalash yoki qaytadan boʻsh joy hosil qilishga zarurat qolmaydi.
Shuningdek, ilmiy kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, matnli maʼlumotlarni qabul qiladigan insonlar miya faoliyati, xotirasi axborotni audio yoki video shaklida qabul qiladigan kishilarga nisbatan yaxshiroq boʻladi. Bundan tashqari axborotni matn shaklida qabul qiluvchilarning fikrlash qobiliyati ham ancha rivojlangan boʻladi. Shuning uchun ham bugungi kun olimlari odamlarga koʻproq kitob mutolaa qilishni maslahat berishadi. Muntazam kitob oʻqish miya faoliyatini yaxshilash bilan birga, inson uzoqroq umr koʻrishini ham taʼminlaydi.
Dunyo olimlarining xulosalariga qaraydigan boʻlsak, axborotni matn shaklida qabul qilish biz uchun eng foydali usuldir. Bu bilan bizning nafaqat soʻz boyligimiz, balki nutqimiz ham ravon boʻladi.
XVII asrda yashagan ingliz yozuvchisi Jozef Addison “Oʻqish ong uchun jismoniy mashq”, - deydi. Oʻqish miyadagi zanjirlar va signallarning murakkab tarmogʻini mustahkamlashga yordam beradi. Yaʼni oʻqish qobiliyati yaxshilangani sari, bizning miyamiz boshqalarga nisbatan voqea-hodisalar haqidagi signallarni tez qabul qiladi, maʼlumotni qayta ishlab, darrov xulosa beradi. Qisqa qilib aytganda insonning fikrlashin tezlashadi. Buning uchun inson diqqat-eʼtiborli boʻlishi hamda qabul kilayotgan maʼlumotini tushunishi kerak.
Jorjtaun universitetining kompyuter fanlari boʻyicha dotsenti, “The New Yorker” gazetasi muallifi Kal Nyupot oʻzining “Deyep Work” asarida shunday deydi: “Iqtisodiyotda qimmatli boʻlib qolish uchun… siz murakkab narsalarni tez oʻrganish sanʼatini oʻrganishingiz kerak”. Bunday sifatga erishish uchun Nyupot insonga kognitiv va diqqatni bir joyga toʻliq jamlash kerakligini taʼkidlaydi. Microsoft kompaniyasi olib borgan oʻrganishlari natijasida odamlar video yoki shu kabi axborotga atigi sakkiz daqiqa diqqatlarini jamlay olishlari aniqlandi. Axborot kommunikatsiyalari sohasi rivojlangani sayin bu koʻrsatkich ham oʻsib bormoqda. Aynan matnli maʼlumotni oʻqish diqqatni bir joyga jamlashda nihoyatda samarali usuldir. Masalan, Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanini oʻqish davomida romandagi voqealar, qahramonlar koʻz oʻngimizda gavdalanadi va xuddi kino lentasi koʻz oldimizdan oʻtayotgandek voqealar ham oʻtib boradi. Aslida shu jarayon boshlanishi uchun ham biz avval bor diqqatinimizni kitobga qaratishimiz kerak. Yaʼni kitobdan bahra olmoqchimizmi, unda diqqatimizni bir joyga jamlashimiz kerak!
Atrofimizda sodir boʻlayotgan vokealar juda koʻp va ular qaysidir maʼnoda fikrlashimizga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. Bularning hammasidan qochib-qutilishning yoki axborot maydonini bloklab qoʻyishimizning imkoni yoʻq. Lekin kun davomida yoki kunora miyamizni matnli axborot bilan kuchliroq qilishmiz va kitob oʻqib fikrlash jarayonimizni yanada tezlashtirishimiz mumkinligi haqida unutmaslik kerak!
Nohida Muxtorova,
Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi