Chirchiq shahar hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo'linmasi hamda homiy tashkilotar bilan hamkorlikda o'tkazilgan bayram tadbirida turli sohalarda faol mehnat qilayotgan xotin-qizlar, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Tadbirda Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatov so'zga chiqib, xotin-qizlarni bayram bilan qutlab, ayollarimizning oila va jamiyatda tutgan o'rni, ularning mamlakatimiz ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy jabhalardagi soni tobora ortib, har bir sohada o'zining munosib hissasini qo'shayotganini hamda buning ortidan yutuq va muvaffaqiyatlarga erishayotganini e'tirof etdi.
Tadbir doirasida bir guruh faol xotin-qizlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo'linmasi tomonidan esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi. Taniqli san'atkorlar ijrosidagi kuy-qo'shiqlar esa ko'ngillarga xushnudlik ulashdi.
— Bugun Chirchiq shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo'linmasi raisi O'tkir Tojiboev. — Shahrimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida xotin-qizlarimizning ham mehnatlarini tahsinga loyiq deyishimiz mumkin. Ayniqsa, davlatimiz tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan , ijtiomiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan, nogironligi bo'lgan xotin-qizlarimizga yaratilayotgan keng imkoniyatlar bois, bugun ularning shart-sharoiti yaxshilanmoqda. Birgina misol, o'tgan yili CHirchiq shahrida 1800 xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo'lsa, joriy yilda bu ko'rsatkich teng yarmiga kamaygan.
Ilhom Rahmonov