Men bu mehnatda pishgan, tajribali ayolni 12 yildan beri bilaman. Maktabga ilk bor ishga kelganimdayoq, uning ancha qattiqqoʻl, ammo adolatli rahbar ekanini sezganman. Ayol kishi rahbar boʻldimi, albatta oʻsha korxona, aniqrogʻi maktab uning uchun birinchi darajali, oila va boshqa narsalar keyingi oʻrinda tursa kerak deb tasavvur qilganman. Oʻziga xos did bilan kiyingan, noziktaʼb bu ayol oila ishlariga ancha beparvo boʻlsa kerak, deb oʻylagandim.

Oʻsha kuni, bundan 3-4 yillar oldin, uylariga ish yuzasidan kechasi borishga toʻgʻri keldi. Qarangki, baʼzilar maza qilib uyquga ketgan bu paytda Manzura opa non yopayotgan ekan. “Ha,endi ayol kishi kunduzi ishlasa, kechasi nonini yopadida” deb oʻylagandim. Ammo nonlarni tandirdan uzib doʻkonga topshirishlarini eshitib hayratlandim. Bu har kungi holat ekan, mana kichkinagina tadbirkorlikning oddiy bir koʻrinishi.

Saharmardondan turib, bir nechta sigirni sogʻib, ularni saranjomlash oddiy uy bekalariga ham ogʻirlik qilishini yaxshi bilaman, ammo bu ayol hammasiga ulgurib oʻz vaqtida maktab ostonasida shu jamoa rahbari sifatida ish boshlashiga faqatgina qoyil qolish kerak.

Oilada birin-ketin 4 nafar yaqinidan ajralish har qanday insonni dovdiratib qoʻyadi. Manzura opa ham bir qancha vaqt oʻzini oʻnglolmay qoldi, hammasi tushda kechayotgandek boʻldi. Ammo inson irodasi har narsadan kuchli ekan. Farzandini oyoqqa turgʻizish, hayotga yoʻllash yolgʻizgina oʻz zimmasiga tushganini his qilgach, tezda oʻzini qoʻlga oldi, hayot qiyinchiliklariga qasdma-qasd yashay boshladi.

Oilada uy bekasi, maktabda rahbar, jamiyatda tadbirkor bu ayol kezi kelganda bir erkakka ham ogʻirlik qilib qoladigan fermerlikni ham tashlamadi. Nozik yelkalar unuda koʻtara oldi.

Ha, biz mavhum deb tasavvur qilgan iroda, matonat, shijoat kabi tushunchalarni shundoq yonimizdagi insonlarda koʻrish mumkinligiga yana bir bor ishondim.

Manzura Ibragimova ana shunday shijoatli, matonatli ayollardan. Shu bois oilada ham ota, ham ona, nabiralarining sevimli buvijoni, maktabda esa rahbar, ustoz sifatida el-yurtning chuqur hurmatiga sazovor boʻlib kelyapti. 17-maktab jamoasi, oʻquvchilari erishayotgan yutuqlarda bu jonkuyar rahbarning salmoqli oʻrni bor.

Gulnoza Sobirova, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tuman boʻlimi mutaxassisi.