Atrofimizda roʻy berayotgan har bir ezgu voqea zamirida hikmat yashirin. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlab, ularga munosib turmush sharoiti yaratayotgani, ilm olish uchun keng imkon berayotgani ham bejiz emas. Maqsad – millat qudratini oshirish.

Millat, yurt qudrati, avvalo, ikki muhim evrilishda koʻzga tashlanadi: birinchisi – sogʻlom avlod, ikkinchisi –maʼnaviy yuksalish. Eʼtibor qilsak, har ikki bosqichda ham ayollarimizning oʻrni hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda, keyingi yillarda Oʻzbekistonda olib borilayotgan xotin-qizlar siyosatining mazmun-mohiyatini yanada chuqur anglash mumkin.

Tabiatda koʻklam shukuhi, Ramazon ruhi kezib yurgan shu kunlarda yurtimizda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili tobora qoʻr olmoqda. 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga bel bogʻlaganmiz. Bu yoʻldagi barcha maqsadlarning “Inson qadri uchun”, degan ezgu gʻoya asosida birlashtirilgani ham qalbimizni quvontiradi.

Adolatli ijtimoiy siyosat maqsadlari

Taraqqiyot strategiyasining “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish”, deb nomlangan toʻrtinchi yoʻnalishida belgilangan maqsadlar bilan tanishgan kishi Oʻzbekistonda xotin-qizlar uchun katta imkoniyatlar yaratilayotganiga ishonch hosil qilishi tabiiy.

Misol uchun, 60-maqsadni olib koʻraylik. Unda reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, shuningdek, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish uchun 46 ta tumanlararo perinatal markaz tashkil etish, ularni kadrlar, texnika va buyumlar bilan taʼminlash masalasi qoʻyilgan. Buning uzviy davomi sifatida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tadbirlari oʻrin olgani yana uygʻunlik va izchillikning tasdigʻidir.

Yanayam aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, ayollar huquqlari va qonuniy manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash ishi amaliy oqimga koʻchdi. Hududlarda, ayniqsa, chekka qishloqlarda koʻmakka muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, ularning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadini koʻpaytirish borasida tizimli chora-tadbirlar belgilandi.

Tadrijiylikka tayangan ijobiy oʻzgarishlarning yorqin jihatlarini sanaymiz, desak dalillar koʻp. Misol uchun, ­Prezidentimiz 2022-yil 7-mart kuni imzolagan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon ham strategik maqsadlarga mutanosib ravishda ayollarga koʻrsatib kelinayotgan gʻamxoʻrlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Shu farmon bilan 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur va uni amalga oshirish kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangani, ayniqsa, eʼtiborlidir.

Oqila ayollar harakatga kelganda...

Shunda, albatta, Uchinchi Renessans yoʻlidagi oliy maqsadlarimizga erishamiz. Bu balandparvoz emas, tashkiliy, huquqiy, moddiy va maʼnaviy asosli gap.

Bu haqda fikrlarimizni Pokiston Islom Respublikasi birinchi rahbari, siyosat arbobi Muhammad Ali Jinnaning “Dunyoda ikki qudratli kuch bor — biri qilich, yana biri qalam. Ular oʻrtasidagi raqobat va kurash shiddatli. Lekin ulardan ham qudratliroq yana bir kuch bor, bu — qoʻliga qalam olgan ayol”, degan hikmatli gapi asosida boshlaymiz.

Yangi Oʻzbekistonda qoʻlida ana shunday qudratli qalami bor xotin-qizlar soni yil sayin ortib bormoqda. Bu, avvalo, har bir oilada buyuk kelajak egalari — oqil farzandlar tarbiyalanayotgani mujdasi. Shular haqida gapirmoqchi boʻlsak, xayolimizni fikrlar gʻujgʻoni band qiladi. Shu bois, oʻtgan besh yilda xotin-qizlar taʼlimi, ilm yoʻlidagi imtiyoz va imkoniyatlar haqida fikrimizni muxtasar qilib, yangi islohotlarga nazar solishni joiz bildik.

Prezidentimiz yaqinda zukko va bilimdon xotin-qizlarning ilm-fanga boʻlgan qiziqish va ishtiyoqini oshirish maqsadida qator muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi. Jumladan, kelgusi oʻquv yilidan boshlab magistraturada oʻqiyotgan barcha qizlarning kontrakt puli toʻliq byudjetdan qoplab beriladi. Doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Mana bu — dunyo miqyosida hech muqobili yoʻq siyosat. Sir emas, bizning xotin-qizlar bakalavriat yoʻnalishini tugatishi bilan, baʼzan esa yuqori kursligidayoq, sharqona mentalitetimizga koʻra, turmushga chiqishi bor gap. Ayollarimiz oilaparvarligini esa dunyo biladi. Shu bois, ayni ziyo choʻqqisi etagida oilaviy sharoiti toʻgʻri kelmay yoki moddiy imkoniyatlarni hisob-kitob qilib, ilmni davom ettirishga qimtinib turgan ayollarni koʻp uchratamiz. Yangi tizim endi bu qimtinishu ikkilanishlarga barham beradi. Ishtiyoq bormi, marhamat: oʻqing, ilm qiling, yurt rivojiga hissa qoʻshing. Buning uchun davlat toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

Prezidentimiz farmoniga koʻra, kelgusi oʻquv yilidan eʼtiboran, oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi va kechki taʼlim shaklida oʻqiyotgan xotin-qizlarning taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun 7 yil muddatga foizsiz kreditlar beriladi. Shuningdek, har yili Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tavsiyalariga asosan, har bir hududdan 150 nafardan jami 2100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim kontrakti mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplanadi.

Bu hali hammasi emas. Farmonda mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumoti yoʻq 500 xotin-qizni har yili Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyanomasiga asosan, davlat oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga, umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovi natijalariga muvofiq, toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish amaliyoti joriy etilishi belgilangan.

Xullas, hayotimizning har bir kuni, ayniqsa, xotin-qizlarimiz uchun quvonchli tarixiy yangiliklar, tashabbuslarga boy oʻtyapti. Ulardan biri jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi huzurida “Olima ayollar jamiyati” tuzilib, uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida har yili 50 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi boʻldi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ushbu jamiyat mamlakatimizda va xorijda ilm-fan sohasida yuksak yutuqlarga erishayotgan olima ayollarimizni jipslashtirib, ularning aql-zakovat nuri hayotimizning har bir jabhasiga kirib borishi uchun oʻziga xos parvoz maydoniga aylanadi.

Oʻzbekistonda yana bir qudratli harakat boshlanmoqda. Bu — “Oqila ayollar” harakati. Bu borada Prezidentimiz, jumladan, shunday dedi: “Barcha hududlarimizda jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsata oladigan, obroʻ-eʼtiborli ayollarni oʻz safida birlashtirgan «Oqila ayollar” harakatini sizlar bilan birga tashkil etsak, bu ezgu harakat tom maʼnoda jamiyatimiz ovoziga, mahalla vijdoniga aylanadi, deb oʻylayman».

Darhaqiqat, bu yangi harakat, hech shubhasiz, jamiyatimizda milliy ruh yuksalishi, bunyodkorlik, ahillik, bagʻrikenglik tamoyillari mustahkam shakllanishi, oʻzaro mehr-muhabbat hissi qadrlanishiga yoʻl ochadi. Bunday tamoyillar va qadriyatlar bor joyda esa, albatta, baraka boʻladi, evrilishlar yuz beradi.

Rahbar ayollar soni ortadi

Yaqinda, xotin-qizlar bayramida qatnashib, davlatimiz rahbari bilan koʻrishganimdan buyon yangi kuch va ragʻbat bilan ishlayapman. Prezidentimiz oradan koʻp oʻtmay Davlat soliq qoʻmitasiga tashrif buyurib, sohaning yaqin kelajakdagi ustuvor vazifalarini belgilab berganida esa oʻzimga boʻlgan ishonchim yanada oshdi, ruhiyatim yengillashdi, qalbim faxr va iftixor tuygʻulariga toʻlib, zoʻr motivatsiya oldim.

Aytmoqchi boʻlganim, Oʻzbekistondagi har bir xotin-qiz koʻtarinki kayfiyatda yashab, jamiyatimiz rivoji uchun mehnat qilmoqda. Bu yoʻlda hali qiladigan ishlarimiz oldinda. Masalan, 2024-yil birinchi yanvarga qadar tizim tashkilotlari xodimlari orasida xotin-qizlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish, davlat organlari rahbarlarining kamida bitta oʻrinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash maqsad qilingan.

Davlat soliq qoʻmitasi tizimida ana shu maqsadlarni bajarishga hozirdanoq kirishildi. Iqtidorli, bilim va salohiyatli, bir soʻz bilan aytganda, fozila ayollarimizni rahbarlik lavozimiga tavsiya etishni quyidan — tumanlardagi soliq inspeksiyasidan boshladik. Hozirga qadar 15 ga yaqin tumanda davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosarligiga ayol rahbar tayinlandi. Qoraqalpogʻistonning Taxiatosh va Xoʻjayli, Samarqandning Payariq va Oqdaryo tumanlari soliq inspeksiyalarida ayol rahbarlar ish boshladi. Umumiy tarkibda ayollar ulushini oshirishga ham eʼtibor qaratamiz. Bugungi kunda tizimdagi 12 ming 747 xodimning 17 foizi ayollar boʻlsa, yil oxirigacha bu koʻrsatkichni 25 foizga yetkazishga intilamiz. Bu yoʻlda biz “Ayollar soliq inspeksiyasini boshqara oladi”, degan gapni shior qilib oldik.

Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparatining oʻzida 101 xotin-qiz bandligi taʼminlandi. Hududlar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, asosiy koʻrsatkich Toshkent shahri va Toshkent viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Fargʻona, Buxoro viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi soliq xizmati tizimida faoliyat olib ­borayotgan xotin-qizlar soni ham koʻpchilikni tashkil etadi.

Davlat soliq qoʻmitasi tizimida rahbar ayollar soni qanday oshiriladi? Soliq organlarida ayni paytda mehnat qilayotgan xotin-qizlar boʻyicha kadrlar seleksiyasi va monitoringi tadbirlari innovatsion usullarda amalga oshiriladi. Jumladan, rahbarlik iqtidori namoyon boʻlgan ayollarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida oʻqitish amaliyoti jonlanadi. Iqtisodiyot ­sohasiga qiziqishi kuchli qizlarda ­boshqaruv koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha qoʻmita huzuridagi Fiskal institutda qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi. Rahbar ayollarni tayyorlash bir yillik vazifa emasligini hisobga olgan holda, iqtisodiy yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasalari bilan qobiliyatli talaba-qizlarni aniqlash-saralash boʻyicha yaqin hamkorlik oʻrnatiladi.

Talabalar amaliyotini soliq xizmati organlarida tashkil etish jarayonida koʻproq qizlarni jalb qilishning alohida reja-jadvallari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Qoʻmita tizimi xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tay­yorlash yuzasidan koʻrsatkichlarni shakllantirishda xotin-qizlarga koʻproq oʻrin ajratiladi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali davlat soliq xizmati organlari mutaxassislarining xorijda taʼlim olish ishlarini tashkil etish va muayyan kvota ajratishda xotin-qizlarga ustuvorlik berish masalasi hal etiladi.

Prezidentimiz shu yil 8-mart bayramidagi nutqida “...biz insoniyat taraqqiyotiga unutilmas va beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizni dunyoga keltirib, mehr bilan tarbiyalagan, ularni ulugʻvor ishlarga ruhlantirib, kamarbasta boʻlgan fozila ayollarimiz bilan albatta faxrlanamiz”, degan edi.

Oʻz navbatida, ayollarimiz ham yurtimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlar va yangilanishlarga hissasini qoʻshib, halol va barakali mehnati bilan milliy taraqqiyotimizga xizmat qiladi.

Gavharxon MUQADDASOVA,

Davlat soliq qoʻmitasi

raisi maslahatchisi