Prezidentimizning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisida”gi Farmoni yuqoridagi tizimli ishlarning mantiqiy davomidir.

Amaldagi qonunchiligimizga asosan nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun
18 yosh etib belgilangan, ya’ni nikohlanuvchilarning har ikkisi ham nikohdan oldin shu yoshga to‘lgan bo‘lishi talab etiladi.

Farmonda yoshlarni oila qurishda nikoh shartnomasi tuzish uchun rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Nikoh shartnomasi esa sodda qilib aytganda, ikki yoshning nikoh davridagi yoki nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvidir deyishimiz mumkin. Ushbu kelishuvning mavjudligi er va xotinning mulkiy munosabatlarini aniq belgilab olishlariga imkon yaratadi, shuningdek, keyinchalik o‘zaro yoki qarindoshlar, quda – andalar o‘rtasidagi nizoli holatlarning oldini olib, ularning sudma – sud sarson bo‘lib yurmasliklari uchun mustahkam huquqiy asos hisoblanadi.

Yuqoridagi Farmonga asosan 2027 – yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba oila qursa, ularga davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va qo‘llab – quvvatlashlar taqdim etiladi. Agarda bu oilalar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar sifatida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bo‘lsa, ularning oilalariga moddiy ko‘maklar belgilangan miqdorlardan 1,5 barobar ko‘proq beriladi. Nikoh shartnomasini tuzgan juftliklar nikohni rasmiy qayd ettirishda to‘lanadigan davlat bojidan ozod qilinadi.

Misol uchun, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organida (FHDYO) nikoh davlat ro‘yhatidan o‘tkazulguniga qadar ikki taraf notariusdan nikoh shartnomasini notarial tartibda tasdiqlatsa (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan buning uchun boj undirilmaydi), 2027 – yildan nikohni davlat ro‘yhatidan o‘tkazishda boj to‘lanmaydi. Bugungi kunda nikohni qayd etganlik uchun yuqoridagi qonunga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdori (412.000 so‘m) ning 20% miqdorida (82.400 so‘m) davlat boji to‘lanadi.

Shunday qilib, nikoh shartnomasini tekinga tuzish orqali fuqarolarimiz kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mol – mulk nizolarining oldini olishlari hamda 2027 – yildan boshlab nikoh shartnomasi mavjud birinchi marotaba nikohlanuvchilar nikohni davlat ro‘yhatidan o‘tkazish vaqtida ham boj to‘lamasliklari mumkin bo‘ladi.

Ushbu islohotlar erta nikohning oldini olish, nikoh qurmoqchi bo‘lgan yoshlarning to‘g‘ri hayot yo‘lini ongli ravishda tanlashlariga erishishni maqsad qilgan.

Shu bilan birga bundan buyon kimda – kim voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishni daʼvat etsa va uni targʻib qilsa, buning uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda, bunday huquqbuzarlik uchun undiriladigan jarimaning 15 foizini esa ushbu holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibi joriy etilmoqda. 

Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri - 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar va 3 yoshgacha bolani tarbiyalayotgan talabalar uchun oliy taʼlimda “ikkinchi imkoniyat” yaratiladi. Kursdan qolgan yoki talabalikdan chetlatilgan shaxslar, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan, taʼlimni davom ettira oladi. Shuningdek, talabalar fanlarni mustaqil oʻzlashtirishi uchun qo‘shimcha vaqt va zarur shart-sharoitlar taqdim etiladi. Agar ushbu talabalar o‘zlari rozi bo‘lsalar, ta’til vaqtlarida masofaviy shaklda online tarzda o‘qishlarini davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu o‘zgarishning ahamiyati shundaki, homilador talaba-qizlar va kichik bolasi bor talabalar oliy ta’limni tark etmasdan davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa ta’limdan voz kechish holatlarini kamaytiradi, ayollar va oilalarga qulaylik yaratadi, talabalarning kelajakdagi ish va hayot imkoniyatlarini kengaytiradi, oliy ta’lim tizimida adolat va imkoniyatlar tengligini oshiradi, bu o‘zgarish talabalar uchun haqiqatda ikkinchi imkoniyat yaratib, ularning bilim olishini va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olishda mutasaddi idoralarning o‘zaro hamkorligi juda muhim o‘rin tutadi. Bu borada yuqoridagi Farmonda erta nikoh va 16 yoshgacha homiladorlik holatlarini oldini olish va bunday vaziyatga tushib qolgan voyaga yetmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tartib o‘rnatildi. Endilikda ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan birga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari ham bunday holatlar haqida xabar berishga majbur bo‘ladi. Shu bilan birga, erta nikoh yoki yosh homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va markazga xabar bermagan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, aniqlangan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishi va ularning himoyalanishi kafolatlanadi.

2026-yil 1-apreldan boshlab himoya orderi olgan jabrlanuvchi xotin-qizlar o‘z telefon, planshet va boshqa qurilmalariga Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini zudlik bilan xabar berishga mo‘ljallangan “SOS” chaqiruv funksiyasi bilan ishlovchi “my.ihma.uz” mobil ilovasini o‘z roziligi bilan o‘rnatishi mumkin bo‘ladi. Bu imkoniyat jabrlanuvchilarni xavfsiz va tezkor yordam bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq jinoyatlar faqat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinadi va ko‘rib chiqiladi. Har bir hududda kamida bitta mutaxassis xalqaro standartlar asosida o‘qitiladi, bunda ayol tergovchi va sudyalarga ustuvorlik beriladi. Shu bilan birga, maxsus o‘quv dasturlari joriy qilinib, jinoyatdan jabrlanganlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar beriladi.

Qonunchilikka ham o‘zgartirishlar kiritilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, uyatsiz-buzuq harakatlar va nikoh yoshi bo‘yicha huquqbuzarliklar uchun jazo kuchaytiriladi. Boshqa himoya choralari doirasida xotin-qizlarni aynan jinsi sababli qasddan oʻldirish, oila aʼzolarini qasddan oʻldirish, shaxsni uning erkiga qarshi ravishda noqonuniy taʼqib qilish, Internet yoki ijtimoiy tarmoqlarda sodir etiladigan zoʻravonlik, voyaga yetmagan shaxslardan jinsiy foydalanish hamda shu maqsadda Internet orqali voyaga yetmagan shaxsning ishonchini qozonish kabi jinoyatlar uchun javobgarlik belgilanadi, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi va oila hamda xotin-qizlar maskanlaridan keng foydalaniladi.

Bu o‘zgarishlar jamiyat uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, ular orqali jinoyatlar tezkor va malakali tarzda tergov qilinadi, jabrlanuvchilar samarali himoya qilinadi, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va erta nikoh kabi huquqbuzarliklar uchun jazolar kuchayadi. Shuningdek, xavfli jinoyatlarga qarshi yangi tizim joriy etiladi, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan ishlash tartibi yaxshilanadi, bunda oila hamda xotin-qizlar maskanlaridan keng foydalanish imkoniyati yaratiladi. Shu tariqa, ayollar va bolalarning xavfsizligini ta’minlash va ularni himoya qilish tizimi sezilarli darajada kuchayadi.

Aziz vatandoshlar!

Davlatimizda qanday islohotlar yoki ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmasin, biz buni faqatgina davlat va tegishli mutasaddi idoralar ishi sifatida beparvolik bilan o‘z holiga tashlab qo‘ysak, jamiyatimiz uchun ularning foydasi yetarli darajada ta’minlanmaydi, shunday ekan ayollar va bolalar hamda ularning xavfsizligi masalasiga barchamiz birdek mas’ul ekanligimizni, bu borada hech qachon o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini unutmasligimiz zarur!

 

Javohir Xaydarqulov,

Toshkent davlat yuridik universiteti,

Sud hokimiyati, advokatura va

huquqni muhofaza qiluvchi organlar

sho‘basi (kafedrasi) o‘qituvchisi