Shuningdek, klinik ordinatura (rezidentura) va magistraturaning ginekologiya va onkologiya mutaxassisliklari, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash oʻquv dasturlariga bachadon boʻyni saratoni skriningi va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlashga oʻqitish boʻyicha modullar kiritiladi.
Vazirlik Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator – “Uzinfocom” MCHJ bilan birgalikda
2025-yil 1-mayga qadar:
a) bachadon boʻyni saratoni skriningi va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash sifatini baholash va monitoring qilib borish tizimini joriy etib, skrining registri yuritilishini yoʻlga qoʻyishi;
b) skrining dasturiga kiritilgan ayollar bilan qayta aloqa qilish tizimini (mobil ilova va boshqalar orqali) joriy etishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, joriy yilda:
— ilgʻor xalqaro tajribani inobatga olib, skrining algoritmlarini nazarda tutgan holda saratonoldi kasalliklari, bachadon boʻyni saratoni skriningi va koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash, tashxislash va davolash boʻyicha milliy klinik protokollar tasdiqlanadi;
— bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratoni skriningi, diagnostikasi, davolash va keyinchalik kuzatish tartibi ishlab chiqiladi.
Bunda:
— kasallik bosqichi va tarqalganlik darajasidan kelib chiqib, aniqlangan bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratonini davolash sxemalari;
— jarrohlik amaliyotini oʻtkazgan bemorlarni kuzatish, reabilitatsiya qilish va palliativ parvarishlash sxemalari ishlab chiqiladi.
— Bundan tashqari, diagnostika jarayonlarining sifat nazorati standartlarini ham ishlab chiqish koʻzda tutilgan.