Ayolning his-tuygʻularida daromad orttirish niyatida boʻlgan erkak qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 21 Iyun 2023 1679

    Erkak ayoldan 2023-yilning mart oyida yetti million soʻm, soʻngra esa haydovchilik guvohnomasiga toʻlov qilib, olib berishlikni vaʼda qilib, toʻqqiz yuz ellik ming soʻm olgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, Samarqand viloyatida yashovchi 32 yoshli I.M. (ayol) viloyat IIBga ariza bilan murojaat qildi.

    Arizada taʼkidlanishicha, ayol shu yilning yanvar oylarida “Abdulaziz” ismli yigit bilan tanishib, “gaplashib” yuradi.

    “Abdulaziz” uning uy sotib olish niyatida pul yigʻib qoʻyganligidan xabardor boʻlgach, subsidiya asosida uy olib berishni vaʼda qiladi. Erkak undan 2023-yilning mart oyida 7.000.000 soʻm, soʻngra esa haydovchilik guvohnomasiga toʻlov qilib, olib berishlikni vaʼda qilib, 950.000 soʻm olgan.

    Bundan tashqari, “Abdulaziz” 5.000.000 soʻm talab qilib, bermasa ayolning obroʻsiga putur yetkizadigan videotasvirlarni Internet orqali tarqatib yuborish bilan tahdid qiladi.

    Mazkur ariza asosida viloyat IIB TQX JQB xodimlari tomonidan Samarqand shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida “Abdulaziz” ismli yigit arizachidan uning shaxsiy videotasvirlarini Internet tarmogʻiga tarqatmaslik evaziga talab qilib kelgan 5.000.000 soʻm miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    “Abdulaziz” ismli yigitning shaxsiga aniqlik kiritilganda u muqaddam sudlangan 39 yoshli N.A. ekani aniqlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan N.A.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) va 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ushbu moddalar bilan unga ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Hozirda, ushbu shaxsning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

    Tergov davom etmoqda.